Bugun, 6-aprel kuni Olimpiya va Paralimpiya shon-shuhrati muzeyida “Yangi O‘zbekiston talabalar olimpiadasi” sport musobaqalarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu yirik loyiha Sport vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Milliy olimpiya qo‘mitasi hamkorligida yo‘lga qo‘yilmoqda.
Marosimda Prezident Administratsiyasi vakili Odil Abdurahmonov, Sport vaziri Adham Ikromov, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Sardor Rajabov, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov, shuningdek, OTM rektorlari, sport federatsiyalari vakillari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Marosimda so‘zga chiqqanlar yoshlarni sog‘lom va har tomonlama yetuk qilib tarbiyalash davlatimizning eng ustuvor vazifalaridan biri ekanini alohida ta’kidladilar. Xususan, ushbu olimpiada nafaqat talaba-yoshlar, balki butun jamiyatda ommaviy sport va sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan qiziqishni yana bir pog‘onaga oshirishi qayd etildi.
“Mazkur sport musobaqasi talaba-yoshlar o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirish, ularga zarur sharoitlar yaratish orqali sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilishga xizmat qiladi hamda o‘z safiga millionlab yoshlarni qamrab olishiga ishonamiz”, — deya ta’kidladi vazir o‘rinbosari Sardor Rajabov.
Musobaqalarning barcha bosqichlari Sport vazirligining “ERP-sport” yagona elektron boshqaruv tizimi orqali nazorat qilinadi. Bugungi kunga qadar mazkur tizim orqali jami 168 ta oliy ta’lim tashkiloti, jumladan, 92 ta davlat, 52 ta nodavlat va 24 ta xorijiy oliy ta’lim muassasasi ro‘yxatdan o‘tgan.
👥 Bellashuvlarda qatnashish istagini bildirgan talabalar soni 159 273 nafarga yetdi.
📅 Musobaqalar 3 bosqichda o‘tkaziladi:
🔘 1-bosqich: 6–20-aprel
🔘 2-bosqich: 1–15-may
🔘 Final bosqichi: 1–10-iyun kunlari Toshkent shahridagi Olimpiya shaharchasida
🏆 Kompleks musobaqalar quyidagi sport turlarini o‘z ichiga oladi: voleybol, gandbol, basketbol 3x3, stol tennisi, futbol, yengil atletika hamda suzish (suzish bahslari 2-bosqichdan boshlanadi).
📡 Mazkur ochilish marosimida Jizzax politexnika instituti jamoasi Zoom platformasi orqali ishtirok etdi.
🔹 Shuningdek, ochilish marosimi Jizzax politexnika institutida 2025-yil noyabr oyida boshlangan va yaqin kunlarda yakunlangan “Talabalar ligasi” sport musobaqalari g‘oliblarini taqdirlash marosimi bilan davom etdi.
Institut rektori, texnika fanlari doktori, professor Alisher Usmankulov so‘zga chiqib, “Talabalar ligasi” musobaqalarida g‘olib bo‘lgan talabalarni tabrikladi hamda “Yangi O‘zbekiston talabalar olimpiadasi” ishtirokchilariga omad tiladi.
ℹ️ Ma’lumot uchun, “Talabalar ligasi” 12 ta sport turi bo‘yicha o‘tkazildi (https://t.me/jizpi_online/48334).
📊 Musobaqa bosqichlari:
🥇 I bosqich — fakultetlararo
🥈 II bosqich — viloyat OTMlari o‘rtasida
🥉 III bosqich — respublika OTMlari o‘rtasida
🚀 Bugun start berilgan “Yangi O‘zbekiston talabalar olimpiadasi” sport musobaqalari oldidan Jizzax politexnika institutida puxta tayyorgarlik olib borilgan bo‘lib, institut talabalari mazkur musobaqalarda faol ishtirok etadi.