O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 2-dekabrda Jizzax viloyatiga tashrifi davomida Jizzax politexnika instituti qoshida atom energetikasi sohasida muhandislik maktabini tashkil etish hamda mazkur yo‘nalishda Toshkent shahridagi “Moskva muhandislik fizika instituti” Milliy tadqiqot yadro universiteti filiali bilan hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy etish bo‘yicha muhim topshiriqlar berilgan edi.
Ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Jizzax politexnika institutida Toshkent shahridagi “Moskva muhandislik fizika instituti” Milliy tadqiqot yadro universiteti filiali delegatsiyasi bilan rasmiy uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvda mehmonlarni institut rektori Alisher Usmankulov samimiy kutib oldi.
Tadbirda Toshkent shahridagi “Moskva muhandislik fizika instituti” Milliy tadqiqot yadro universiteti filiali direktori Yuriy Maslov, o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Zarina Uzakova, yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Vohid Qudratov, o‘quv-uslubiy boshqarma boshlig‘i Saodat Shovdirova, shuningdek, Jizzax politexnika instituti rahbariyati va mas’ul xodimlari ishtirok etdilar.
Muzokaralar davomida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlik istiqbollarini atroflicha muhokama qildi. Xususan, atom energetikasi sohasida ilmiy-tadqiqot faoliyatini yo‘lga qo‘yish, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash hamda qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, uchrashuv doirasida delegatsiya a’zolari institutda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan ilmiy-innovatsion loyihalar, zamonaviy tadqiqot yo‘nalishlari hamda moddiy-texnik baza bilan yaqindan tanishib, mavjud infratuzilma va erishilgan natijalarni ko‘zdan kechirdilar.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, quyidagi muhim kelishuvlarga erishildi:
— Forish tumanida barpo etilishi rejalashtirilayotgan kichik quvvatli atom elektr stansiyasi uchun zarur bo‘lgan yuqori malakali muhandis-texnik kadrlarni birgalikda tayyorlash;
— qo‘shma o‘quv rejalari va ta’lim dasturlarini ishlab chiqish;
— 2+2 shaklidagi qo‘shma ta’lim dasturini yo‘lga qo‘yish;
— institut bazasida atom energetikasi sohasida muhandislik maktabini tashkil etish hamda ilmiy-tadqiqot va amaliy tayyorgarlikni tizimli yo‘lga qo‘yish.
Mazkur hamkorlik atom energetikasi sohasida zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega yuqori malakali kadrlar tayyorlash, shuningdek, ilmiy salohiyatni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.