Bugun Zomin tumani Dashtobod shaharchasida joylashgan “Artel” korxonasida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri o‘tkazildi.
Tadbir aholini, ayniqsa yoshlarni ish bilan ta’minlash, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish hamda ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishtirishga qaratildi. Unda ishsiz fuqarolar, yoshlar va mutasaddi tashkilotlar vakillari faol ishtirok etib, korxonaning ishlab chiqarish quvvatlari, mehnat sharoitlari hamda bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishdilar.
Mutaxassislar tomonidan zamonaviy texnologiyalar asosida mahsulot tayyorlash jarayonlari tushuntirilib, ishtirokchilarga zarur tavsiyalar berildi.
Tadbir davomida ochiq muloqot tashkil etilib, ko‘plab ishtirokchilar o‘zlariga mos ish o‘rinlari bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishdilar.
Mazkur tadbirda Jizzax politexnika instituti professor-o‘qituvchilari, xodimlari hamda talaba-yoshlari ham faol ishtirok etdilar.