Img
11-Aprel, 2026-yil

Rektorning navbatdagi fakultet talaba-yoshlari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

2026-yil 10-aprel kuni Jizzax politexnika instituti rektori, texnika fanlari doktori, professor A. Usmankulovning Energetika muhandisligi fakulteti talaba-yoshlari bilan ochiq muloqot tarzidagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur uchrashuvda soha prorektorlari, Talabalar o‘rtasida ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashga mas’ul rektor maslahatchisi N. Abduraxmonov, fakultet dekani, bo‘lim rahbarlari, kafedra mudirlari, tyutorlar hamda talabalar ishtirok etdilar.

Uchrashuv avvalida institut rektori institutda barcha yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan islohotlar, kelgusidagi ustuvor vazifalar, fakultet faoliyati, talaba-yoshlar uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar hamda ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan tizimli ishlar haqida atroflicha ma’lumot berdi.

Shuningdek, uchrashuv davomida yoshlarning ta’lim sifatini yanada oshirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish, innovatsion g‘oyalar va startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish masalalari keng muhokama qilindi. Yoshlarning tashabbus va takliflarini rag‘batlantirish, ularning institut hayotidagi faolligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbir davomida fakultetning iqtidorli talabalari tomonidan erishilgan yutuqlar alohida e’tirof etilib, ular institut rahbariyati tomonidan munosib taqdirlandilar.

Uchrashuvning ikkinchi qismi an’anaviy ochiq muloqot shaklida davom etib, erkin va samimiy ruhda o‘tdi. Talabalar o‘z fikr-mulohazalari hamda takliflarini bildirish, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga bevosita javob olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Mazkur uchrashuv yoshlar bilan ochiq va samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda kelgusidagi rejalarni birgalikda muhokama qilishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Yakuniy qismda talabalar tomonidan ilgari surilgan taklif hamda tashabbuslarni amaliyotga joriy etish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.

Qo'shimcha rasm 1 Qo'shimcha rasm 2 Qo'shimcha rasm 3