Samarqand shahrida boʻlib oʻtayotgan Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi universitetlari kongressi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Polsha Respublikasi Fan va oliy taʼlim vazirligi oʻrtasida “Oʻzaro niyatlar toʻgʻrisidagi bayonot” (Letter of Intent) imzolandi.
Mazkur hujjat ikki davlat oʻrtasida oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot sohasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan boʻlib, qoʻshma ilmiy markazlar tashkil etish, universitetlar oʻrtasida uzoq muddatli sheriklik aloqalarini yoʻlga qoʻyish, akademik mobillikni kengaytirish hamda Yevropa Ittifoqi dasturlari doirasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish kabi ustuvor yoʻnalishlarni qamrab oladi.
Anjuman davomida 50 dan ortiq oʻzaro anglashuv memorandumlari va hamkorlik shartnomalarini imzolanishi rejalashtirilgan boʻlib, ushbu hujjatlar turli sohalarni qamrab olgan holda, qoʻshma taʼlim dasturlarini joriy etish, ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, xalqaro konferensiyalar tashkil etish hamda akademik almashinuv dasturlarini kengaytirishni nazarda tutadi.
Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi universitetlari kongressi doirasida Jizzax politexnika instituti va Polshaning AGH Krakow Universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur memorandum ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida ta’lim, ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyat yo‘nalishlarida hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. Shuningdek, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish hamda tajriba almashish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Hamkorlik istiqbolda xalqaro aloqalarni mustahkamlash va ta’lim sifatini oshirishga muhim hissa qo‘shadi.