Img
16-Aprel, 2026-yil

Rektorning navbatdagi fakultet talaba-yoshlari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Bugun Jizzax politexnika instituti rektori, texnika fanlari doktori, professor Alisher Usmonkulovning Kibersport fakulteti talaba-yoshlari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur uchrashuvda soha prorektorlari, talabalar o‘rtasida ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashga mas’ul rektor maslahatchisi N. Abdurahmonov, fakultet dekani, bo‘lim rahbarlari, kafedra mudirlari, tyutorlar hamda talabalar ishtirok etdilar.

Shuningdek, uchrashuvda “O‘zmilliybank” AJ Jizzax viloyat bosh boshqarmasi boshlig‘i Nurulla Islomov ham qatnashib, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar hamda imtiyozli kreditlar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Dastlab, institut rektori A. Usmonkulov o‘z nutqida institutda barcha yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan ishlar, kelgusidagi ustuvor vazifalar, fakultet faoliyati, talabalar uchun yaratilgan sharoitlar hamda ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida tizimli yo‘lga qo‘yilgan keng ko‘lamli ishlar haqida so‘z yuritdi.

Uchrashuv davomida yoshlarning ta’lim olish jarayonini yanada takomillashtirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish, innovatsion g‘oyalar va startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Shu bilan birga, yoshlarning taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda ularning institut hayotidagi faolligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbir davomida fakultetning iqtidorli talabalari tomonidan erishilgan yutuqlar alohida e’tirof etilib, ular institut rektori tomonidan taqdirlandi.

Uchrashuvning ikkinchi qismi an’anaviy ochiq muloqot shaklida tashkil etilib, erkin va do‘stona ruhda o‘tdi. Muloqot davomida talabalar o‘z fikr-mulohazalari va takliflarini bildirish, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga bevosita javob olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Samimiy ruhda o‘tgan ushbu uchrashuv yoshlar bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda kelgusidagi rejalarni birgalikda muhokama qilish uchun muhim maydon bo‘ldi.

Yakunda rektor talabalar tomonidan ilgari surilgan taklif va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlab, ularni amaliyotga joriy etish yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar va topshiriqlar berdi.

Qo'shimcha rasm 1 Qo'shimcha rasm 2 Qo'shimcha rasm 3