Jizzax yoshlar texnoparkida Innovatsion rivojlanish agentligi Jizzax viloyati bo‘linmasi hamda Savdo-sanoat palatasi Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi hamkorligida “Olimlar va tadbirkorlar uchrashuvi” tashkil etildi.
Tadbir davomida ishlab chiqarish sohasi vakillari o‘z faoliyatidagi dolzarb muammolarni ilmiy hamjamiyat bilan ochiq va konstruktiv muloqotda muhokama qildilar. Xususan, mahsulot sifatini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish, ishlab chiqarish jarayonlarini raqamlashtirish va optimallashtirish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish hamda innovatsion yechimlarni sanoatga joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv jarayonida ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish, texnologiyalar transferini jadallashtirish hamda “ilmiy g‘oya – tajriba – amaliyot – bozor” zanjiri asosida barqaror hamkorlik mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish yuzasidan takliflar ilgari surildi. Shu bilan birga, ilmiy-tadqiqot natijalarini real sektor ehtiyojlariga moslashtirish va korxonalarda innovatsion faoliyatni rag‘batlantirish bo‘yicha aniq yo‘nalishlar belgilandi.
Shuningdek, tadbir doirasida olimlar va yosh tadqiqotchilarning 15 dan ortiq ishlanma va qurilmalaridan iborat ko‘rgazma tashkil etilib, ularning amaliy ahamiyati va sanoatda qo‘llash imkoniyatlari namoyish etildi.
Yakunda tomonlar o‘rtasida istiqbolli hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va ilmiy ishlanmalarni ishlab chiqarishga bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.