Xabar berib kelayotganimizdek, Jizzax politexnika instituti rektori institutning barcha fakultetlari talabalari bilan uchrashuvlar o‘tkazib kelmoqda.
Navbatdagi uchrashuv “Sanoat texnologiyalari” fakulteti talabalari bilan tashkil etildi.
Institutning II o‘quv binosidagi katta majlislar zalida bo‘lib o‘tgan mazkur uchrashuvda institut rektori, texnika fanlari doktori, professor A. Usmankulov, soha prorektorlari, fakultet dekani, bo‘lim boshliqlari, kafedra mudirlari, tyutorlar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Dastlab, institut rektori A. Usmankulov o‘z nutqida institutda barcha yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan ishlar, kelgusidagi ustuvor vazifalar, fakultet faoliyati, talabalar uchun yaratilgan sharoitlar hamda ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Uchrashuv davomida yoshlarning ta’lim olish jarayonini yanada takomillashtirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish, innovatsion g‘oyalar va startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Shu bilan birga, yoshlarning taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda ularning institut hayotidagi faolligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir davomida fakultetning iqtidorli talabalari tomonidan erishilgan yutuqlar alohida e’tirof etilib, ular institut rektori tomonidan taqdirlandi.
Uchrashuvning ikkinchi qismi an’anaviy ochiq muloqot shaklida tashkil etilib, erkin va do‘stona ruhda o‘tdi. Muloqot davomida talabalar o‘z fikr-mulohazalari va takliflarini bildirish hamda o‘zlarini qiziqtirgan savollarga bevosita javob olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Samimiy ruhda o‘tgan ushbu uchrashuv yoshlar bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda kelgusidagi rejalarni birgalikda muhokama qilish uchun muhim maydon bo‘ldi.
Yakunda rektor talabalar tomonidan ilgari surilgan taklif va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlab, ularni amaliyotga joriy etish yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilar esdalik uchun jamoaviy suratga tushdilar.