2026-yil 20-aprel kuni Jizzax politexnika instituti rektori A. Usmankulov “Energetika va elektr texnologiyalari” kafedrasi professor-o‘qituvchilari hamda kafedradagi yo‘nalishlarda tahsil olayotgan talaba-yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Mazkur uchrashuv 2026-yil 18-aprel kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov raisligida yoqilg‘i-energetika sohasida energiya samaradorligini oshirish hamda bitiruvchi talabalarni dual ta’lim asosida tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan onlayn yig‘ilishda (https://t.me/eduuz/44977) berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.
Uchrashuv davomida sohadagi dolzarb vazifalar, amaliy mexanizmlar hamda ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Xususan, kafedra professor-o‘qituvchilari viloyatdagi tumanlarga biriktirilib, ularga hududlarda energiya samaradorligiga erishish bo‘yicha mas’uliyat yuklatildi. Shuningdek, ularga talaba-yoshlar bilan hamkorlikda energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan izchil ishlarni amalga oshirish, ilmiy yangilik va tavsiyalarni ishlab chiqarish jarayonlariga joriy etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Shu bilan birga, dual ta’limni samarali tashkil etishning aniq mexanizmlarini ishlab chiqish, o‘quv dasturlarini amaliy jarayonlar bilan uyg‘unlashtirish, ilmiy va innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Bundan tashqari, talabalarni bosqichma-bosqich dual ta’lim tizimiga jalb etish tartibi belgilab berildi.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilarga mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha aniq va amaliy takliflar ishlab chiqish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.