Jizzax politexnika instituti rektori, texnika fanlari doktori, professor Alisher Usmankulov bugun Zomin tumani Dashtobod shaharchasida joylashgan 1-son texnikumida sayyor qabul o‘tkazdi.
Mazkur uchrashuvda institut rektori bilan bir qatorda fakultet dekanlari, kafedra mudirlari, texnikum direktori, mas’ul xodimlar, mahalla faollari, ota-onalar hamda o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi.
Tashrif avvalida rektor mas’ullar hamrohligida texnikumning moddiy-texnik bazasi, o‘quv va amaliyot xonalari, hududdagi obyektlarda o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar hamda amaliy mashg‘ulotlarning tashkil etilishi bilan yaqindan tanishdi.
Shundan so‘ng institut rektori o‘quvchilar va xodimlar bilan muloqot o‘tkazdi. Ularning muammo va takliflari tinglanib, istiqboldagi rejalar yuzasidan fikr almashildi.
Sayyor qabul samimiy va ochiq muloqot ruhida o‘tdi.
Muloqot davomida rektor o‘quvchi-yoshlarga yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Shuningdek, institut tuzilmasi, talaba-yoshlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, o‘quv jarayoni, mavjud imkoniyatlar hamda yangi laboratoriya jihozlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Sayyor qabul davomida bildirilgan taklif va murojaatlar joyida ijobiy hal etilib, yoshlarni qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javob berildi.