Img
4-May, 2026-yil

Talaba-yoshlarning Jizzax shahridagi 29-sonli manzil-koloniyasiga tashrifi tashkil etildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–207-son Farmoni ijrosi doirasida, 2026-yil 4-may kuni Jizzax viloyati, Jizzax shahri, “A” sanoat hududida joylashgan 3-mintaqaviy muvofiqlashtirish markaziga qarashli 29-sonli manzil-koloniyasiga institut Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori S.Eshbekova boshchiligida institut profilaktika inspektorlari hamda talaba-yoshlar tashrif buyurdi.

Tashrifdan ko‘zlangan maqsad manzil-koloniyasida narkojinoyat sodir etganligi uchun jazo o‘tayotgan mahkumlar hayoti bilan tanishishdan iborat bo‘ldi. Bu kabi tashriflar giyohvandlik va narkojinoyatchilikning og‘ir oqibatlarini yoshlar ongiga chuqur singdirish, huquqbuzarliklarning oldini olish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish hamda talaba-yoshlarda ijtimoiy mas’uliyatni yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.

Tashrif jarayonida talaba-yoshlar manzil-koloniyasida mahkumlar uchun yaratilgan sharoitlar ularni jamiyatga reabilitatsiya hamda psixologik qo‘llab-quvvatlash mashg‘ulotlari bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, mahkumlar jinoyat yo‘liga kirib qolish sabablari, giyohvandlikning inson hayotini izdan chiqaruvchi vayronkor ta’siri, pushaymon va og‘ir oqibatlar haqida real hayotiy misollar keltirib o‘tildi.

Talaba-yoshlar koloniya faoliyati bilan yaqindan tanishib, mahkumlar bilan o‘tkazilgan davra suhbatida giyohvandlikning oqibatlari nafaqat shaxsning hayotini barbod qilishi, balki uning oilasi, atrof-muhiti va butun jamiyat uchun og‘ir ijtimoiy muammolarga sabab bo‘lishini tushunib yetdilar.

Suhbat jarayonida mahkumlar o‘z hayot yo‘llari, qilgan xatolari va ularning og‘ir oqibatlari haqida samimiy fikr bildirib, yoshlarni noto‘g‘ri yo‘ldan ogoh bo‘lishga chaqirdilar. Ularning hayotiy tajribalari talaba-yoshlar uchun muhim saboq vazifasini o‘tadi.

Mazkur tashrif yoshlarning ongida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, qonunlarga hurmat bilan qarash, har bir qarorning oqibatini chuqur anglash hamda jamiyat oldidagi mas’uliyatni his etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Qo'shimcha rasm 1 Qo'shimcha rasm 2 Qo'shimcha rasm 3