Img
5-May, 2026-yil

Rektor Transport muhandisligi fakulteti talabalari bilan uchrashdi

Xabar berib kelayotganimizdek, Jizzax politexnika instituti rektori institutning barcha fakultetlari talabalari bilan ochiq muloqotlar o‘tkazib kelmoqda.

Navbatdagi uchrashuv 4-may kuni Transport muhandisligi fakulteti talabalari bilan tashkil etildi.

Institutning II o‘quv binosidagi katta majlislar zalida bo‘lib o‘tgan tadbirda institut rektori, texnika fanlari doktori, professor A. Usmankulov, soha prorektorlari, fakultet dekani, bo‘lim boshliqlari, kafedra mudirlari, tyutorlar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Dastlab, institut rektori A. Usmankulov o‘z nutqida institutda barcha yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan ishlar, kelgusidagi ustuvor vazifalar, fakultet faoliyati, talabalar uchun yaratilgan sharoitlar hamda ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan tizimli ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Uchrashuv davomida yoshlarning ta’lim sifatini oshirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish, innovatsion g‘oyalar va startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Shu bilan birga, yoshlarning taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda ularning institut hayotidagi faolligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbir davomida fakultetning iqtidorli talabalari tomonidan erishilgan yutuqlar alohida e’tirof etilib, ular institut rektori tomonidan taqdirlandi.

Uchrashuvning ikkinchi qismi an’anaviy ochiq muloqot shaklida tashkil etilib, erkin va samimiy ruhda o‘tdi. Muloqot davomida talabalar o‘z fikr-mulohazalari, taklif va tashabbuslarini bildirib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga bevosita javob olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Samimiy ruhda o‘tgan ushbu uchrashuv yoshlar bilan ochiq muloqotni yanada mustahkamlash, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda kelgusidagi rejalarni birgalikda muhokama qilish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qildi.

Yakunda rektor talabalar tomonidan ilgari surilgan taklif va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlab, ularni amaliyotga joriy etish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berdi.

Uchrashuv yakunida ishtirokchilar esdalik uchun jamoaviy suratga tushishdi.

Qo'shimcha rasm 1 Qo'shimcha rasm 2 Qo'shimcha rasm 3