Img
11-May, 2026-yil

GreenDT loyihasi doirasida ichki seminar-treninglar tashkil etildi

Jizzax politexnika institutida Yevropa Ittifoqining Erasmus+ dasturi, Ta’limda salohiyatni oshirish yo‘nalishi doirasida amalga oshirilayotgan “GreenDT – Barqaror o‘tish va ijtimoiy o‘zgarishlar orqali atrof-muhit muhandisligi bo‘yicha magistr darajalarini joriy etish” loyihasi yuzasidan ichki seminar-treninglar tashkil etildi.
Dastlab seminar-trening institutning Sanoat texnologiyalari fakultetida o‘tkazildi. Tadbir loyiha doirasida professor-o‘qituvchilar va xodimlar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish, shuningdek, global va mintaqaviy ekologik muammolar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni yanada mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.
Seminar-trening davomida ishtirokchilarga global va mintaqaviy ekologik muammolarni hal etishga qaratilgan quyidagi strategik yo‘nalishlar bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etildi:
Yevropa Ittifoqining “The Green Deal” — Yashil bitim dasturi: Yevropaning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish strategiyasini o‘rganish, uni mahalliy ta’lim jarayoniga moslashtirish hamda o‘quv mazmunini yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi.
Iqlim o‘zgarishiga moslashish — Climate Change Adaptation: O‘zbekistonning iqlimiy sharoitidan kelib chiqib, salbiy ekologik oqibatlarni yumshatishga qaratilgan innovatsion muhandislik yechimlarini ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.
Yevropa huquqi — European Law: Atrof-muhit muhandisligi sohasidagi xalqaro huquqiy normalarni tahlil qilish hamda ularni yangi tashkil etilayotgan magistratura o‘quv dasturlariga integratsiya qilish masalalari yoritildi.
Sanoat texnologiyalari fakultetida boshlangan ushbu ichki trening keyinchalik institutning Muhandislik maktabida ham davom ettirildi. Bu esa muhandislikning turli yo‘nalishlarida faoliyat yuritayotgan professor-o‘qituvchilar, olimlar va yosh tadqiqotchilarning “yashil” iqtisodiyot hamda barqaror taraqqiyot masalalarida hamkorlikda ishlashi uchun mustahkam zamin yaratadi.
GreenDT loyihasining asosiy maqsadi — O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida ekologik muammolarni zamonaviy muhandislik va huquqiy bilimlar asosida hal qila oladigan, ijtimoiy o‘zgarishlarga tayyor yuqori malakali magistrlarni tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yishdan iborat.
Tadbir yakunida o‘quv modullarini muvaffaqiyatli o‘zlashtirgan ishtirokchilarga maxsus sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi. Seminar-treninglar davomida shakllantirilgan metodik yondashuvlar kelgusida yangi avlod magistratura o‘quv rejalarini ishlab chiqishda muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.

Qo'shimcha rasm 1 Qo'shimcha rasm 2 Qo'shimcha rasm 3