Img
13-May, 2026-yil

Bitiruvchilarni xalqaro standartlar asosida zamonaviy kasblarga o‘qitish hamda ularning bandligini ta’minlash bo‘yicha memorandum imzolandi

Jizzax politexnika institutida institut rektori Alisher Usmankulov hamda Migratsiya agentligining Jizzax hududiy filiali rahbari Sherzod Amanov ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqot davomida tomonlar zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega, xalqaro mehnat bozori talablariga mos malakali muhandis kadrlarni tayyorlash, shuningdek, bitiruvchi talaba-yoshlarning bandligini ta’minlash bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biri ekanini alohida ta’kidladilar.

Uchrashuv yakunida Jizzax politexnika instituti hamda Migratsiya agentligining Jizzax hududiy filiali o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.

Mazkur hamkorlikning amaliy natijasi sifatida institutda xalqaro standartlar asosida zamonaviy kasblarga o‘qitish yo‘lga qo‘yilib, xalqaro yuk tashuvlari sohasida faoliyat yurituvchi haydovchilarni tayyorlashga mo‘ljallangan maxsus o‘quv kursi tashkil etildi.

Memorandumning asosiy maqsadi xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan fuqarolar, jumladan institut bitiruvchilarining xorijiy ish beruvchilar talablari va xalqaro standartlarga mos til hamda kasbiy-malakaviy ko‘nikmalarini shakllantirish, shuningdek, xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini rivojlantirishdan iborat.

Kelishuvga muvofiq, kelgusida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va institut bitiruvchilarining xorijiy davlatlarda bandligini ta’minlash samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shma takliflar ishlab chiqish, malaka oshirish dasturlarini tashkil etish hamda ushbu dasturlarni muvaffaqiyatli tamomlagan fuqarolarni xorijda ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish rejalashtirilgan.

Shuningdek, hamkorlik doirasida qo‘shma dastur va loyihalarni ishlab chiqish, amaliy tajriba almashish, o‘zaro tashriflarni tashkil etish, stajirovkalar va maslahatlashuvlar o‘tkazish, shuningdek konferensiyalar, seminarlar va uchrashuvlarni tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Mazkur memorandum Jizzax politexnika instituti bitiruvchilarining xalqaro mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshirish, ularning zamonaviy kasblarni egallashi va munosib ish o‘rinlariga ega bo‘lishi uchun muhim huquqiy va amaliy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Qo'shimcha rasm 1 Qo'shimcha rasm 2 Qo'shimcha rasm 3