Img
13-May, 2026-yil

Energetika va ilm-fan integratsiyasi: dual ta’limning amaliy samaralari

Jizzax politexnika instituti 3–4-bosqich talabalari ayni paytda dual ta’lim jarayoniga jalb etilgani haqida xabar bergan edik. Mazkur amaliy jarayon davomida talabalarga professor-o‘qituvchilar hamda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Jizzax hududiy filiali malakali mutaxassislari biriktirilib, hududlarda energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

Joriy yilning 4-may kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda olib borilgan o‘rganishlarning dastlabki natijalari atroflicha tahlil qilingan edi. 11-may kuni esa ushbu ishlarning mantiqiy davomi sifatida energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha tahlillarning ikkinchi bosqichi o‘tkazildi.

Navbatda 12-may kuni “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Jizzax hududiy filialida ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi. Seminar davomida elektr uzatish liniyalari, transformator punktlari hamda ishlab chiqarish korxonalaridagi elektr jihozlarida energiya resurslarini tejash, elektr energiyasi yo‘qotishlarini kamaytirish va yuklamalarni optimal taqsimlash bo‘yicha olib borilgan o‘rganishlar natijalari taqdim etildi.

Seminarda Institut rektori, texnika fanlari doktori, professor Alisher Usmankulov, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Jizzax hududiy filiali direktori J.Axmedov, professor-o‘qituvchilar hamda soha xodimlari ishtirok etdi.

Shuningdek, shahar va tumanlarga biriktirilgan mas’ul professor-o‘qituvchilar tomonidan o‘z hududlaridagi mavjud muammolar, ularning yechimlari hamda amaliy takliflar yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi.

Professor-o‘qituvchilar har bir tuman kesimida quyidagi masalalar bo‘yicha o‘z xulosa va takliflarini bildirdilar:
🔹 Elektr tarmoqlarining jismoniy holati va energiyani tejash imkoniyatlari;
🔹 Elektr energiyasi yo‘qotishlarini kamaytirishda zamonaviy IT-texnologiyalar va raqamli boshqaruv tizimlarini joriy etish;
🔹 Talabalarning nazariy bilimlarini bevosita ishlab chiqarish jarayoni bilan uzviy bog‘lash darajasi.

Tadbirda alohida ta’kidlanganidek, dual ta’lim tizimi talabalar uchun institutda olgan nazariy bilimlarini amaliyotda qo‘llash, ishlab chiqarish jarayonlariga tez moslashish hamda texnik muammolarni ilmiy yondashuv asosida hal etish imkoniyatini yaratmoqda.

Muloqot yakunida professor-o‘qituvchilar tomonidan har bir tuman elektr ta’minoti korxonasi uchun alohida “Yo‘l xaritalari” ishlab chiqish taklif etildi. Mazkur yo‘l xaritalarida elektr energiyasini hisobga olish tizimini takomillashtirish, yuqori yuklama bilan ishlayotgan transformator punktlarini ilmiy asoslangan holda modernizatsiya qilish hamda energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilash nazarda tutilgan.

Qo'shimcha rasm 1 Qo'shimcha rasm 2 Qo'shimcha rasm 3