Jizzax politexnika institutida tashkil etilgan “Talaba Fest” yoshlar festivali viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari talabalari, professor-o‘qituvchilar hamda keng jamoatchilik vakillarini bir platformada jamladi.
Mazkur festival yoshlarning ijodiy, intellektual va sportga oid ko‘nikmalarini namoyon etish, ular o‘rtasida sog‘lom raqobat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, shuningdek, talaba-yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Tadbir dasturidan madaniy-ma’rifiy, sport va intellektual yo‘nalishdagi qator loyihalar o‘rin oldi. Xususan, “Eng yaxshi fotosuratlar” ko‘rgazmasi, milliy va zamonaviy uslublarni aks ettirgan “Eng yaxshi liboslar” namoyishi, “Eng mazali taomlar” tanlovi, sport musobaqalari, mushoira va she’riyat kechalari, karaoke bellashuvlari festival ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Shuningdek, robototexnika ko‘rgazmasi, talabalar teatr studiyalarining sahna chiqishlari, “Quvnoqlar va zukkolar” jamoalari dasturlari, “Munozara” turniri, “Zakovat” intellektual o‘yini hamda harbiy-ko‘rgazmali chiqishlar yoshlarning bilim va iste’dodini to‘la aks ettirdi.
Yoshlar ishtirokidagi bunday festivallar talabalarning ijtimoiy faolligini yanada oshirish, ularning iste’dod va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida do‘stona hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.