Prezidentimiz tomonidan yoshlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash, yoshlarning muammo va takliflarini o‘rganish, ularni qo‘llab-quvvatlash hamda bandligini ta’minlash masalalarini muhokama qilish maqsadida Jizzax politexnika institutida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi.
Tadbirda Baxmal tumani hokimi Aziz Mamarasulovich Ergashev, tuman prokurori, tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘i, tuman hokimining oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, tuman Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi mas’ullari, Yoshlar ishlari agentligi Baxmal tuman bo‘limi rahbari, tijorat banklari vakillari, Jizzax politexnika institutining o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Maqsudjon Ochilov, institutda faoliyat yuritayotgan baxmallik professor-o‘qituvchilar hamda talaba-yoshlar, xususan, bitiruvchi kurs talabalari ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida Baxmal tumanida istiqomat qiluvchi Jizzax politexnika instituti talabalari hamda joriy o‘quv yilida ta’limni yakunlayotgan bitiruvchilarning bandlik holati atroflicha tahlil qilinib, mavjud muammolar va ularning yechimlari yuzasidan fikr almashildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda Baxmal tumanidan bo‘lgan 497 nafar talaba institutda tahsil olmoqda. Shundan 212 nafari kunduzgi, 9 nafari kechki, 245 nafari sirtqi, 11 nafari masofaviy ta’lim shaklida, 2 nafari qo‘shma ta’lim dasturlari asosida tahsil olayotgan bo‘lsa, 16 nafari magistratura bosqichida o‘qimoqda. Joriy o‘quv yilida tumandan jami 108 nafar talaba institutni tamomlashi rejalashtirilgan. Ularning 48 nafari kunduzgi bakalavriat, 53 nafari sirtqi ta’lim hamda 7 nafari magistratura bosqichi bitiruvchilaridir.
Bandlik holati tahliliga ko‘ra, bitiruvchilarning 26 nafari doimiy ish bilan ta’minlangan, 6 nafari ikki yoshgacha bo‘lgan farzand parvarishi bilan band, 15 nafari ta’limni keyingi bosqichda davom ettirish istagini bildirgan, 1 nafari harbiy xizmatni o‘tashni rejalashtirgan. Qolgan 57 nafar bitiruvchining bandligini ta’minlash yuzasidan mas’ullarga aniq topshiriqlar berilib, manzilli choralar belgilandi.
Shuningdek, Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Kelajakka qadam” loyihasi doirasida 2 nafar talaba o‘zini o‘zi band qilganligi qayd etildi. Bundan tashqari, 3 nafar talaba tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida yer maydoni ajratilishi va imtiyozli kredit olish istagini bildirdi. Mazkur murojaatlar yuzasidan tegishli tashkilotlar tomonidan amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Muloqot davomida yoshlarning innovatsion g‘oyalari, iqtidorli talabalarning istiqbolli loyihalari va tashabbuslari muhokama qilinib, ularni qo‘llab-quvvatlash, amaliyotga joriy etish hamda yangi imkoniyatlar yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, ilm-fan, zamonaviy texnologiyalar, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish va yoshlar bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Uchrashuv jarayonida bitiruvchi talabalar uchun mavjud bo‘sh ish o‘rinlari, kasbiy faoliyatni boshlash imkoniyatlari, hududda amalga oshirilayotgan investitsion loyihalar hamda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Talaba-yoshlar tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslar tinglanib, ularni hayotga tatbiq etish yuzasidan tegishli mutasaddilarga aniq vazifalar yuklatildi.
Ochiq va samimiy muloqot ruhida o‘tgan uchrashuv yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlash hamda kelgusidagi kasbiy faoliyatini to‘g‘ri yo‘naltirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Tadbir yakunida yoshlar tomonidan ko‘tarilgan masalalar yuzasidan mas’ullar tomonidan tegishli tushuntirishlar berilib, kelgusidagi hamkorlik istiqbollari va ustuvor vazifalar belgilab olindi.