Img
10-Iyun, 2026-yil

Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari Jizzax politexnika institutida bo‘ldi

Ayni kunlarda Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari B.Valiyev rahbarligida Prezidentning 2026-yil 5-yanvardagi PQ-1 va PQ-2-sonli qarorlari ijrosi yuzasidan Jizzax viloyatida o‘rganish ishlari olib borilmoqda. O‘rganish doirasida bugun — 10-iyun kuni mas’ullar Jizzax politexnika institutiga tashrif buyurdilar.

Dastlab mehmonlar institutning Avtomobilsozlik muhandislik maktabi hamda Muqobil energiyalarni tadqiq etish ilmiy-amaliy markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Bu yerda tahsil olayotgan yosh avtomobilsoz talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda “dual ta’lim” o‘quv formatining afzalliklari ko‘rsatib o‘tildi.

Tashrif davomida Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari B.Valiyevga Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Botir Qudratxo‘jayev, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondonining jangovar va maxsus tayyorgarlik bo‘yicha o‘rinbosari Adxamjon Sormonqulov, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Sardor Rajabov, respublika va viloyat rahbariyati vakillari, viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari rahbarlari hamda mas’ullar hamrohlik qildi.

Mehmonlarga viloyatdagi oliy va boshqa ta’lim muassasalarida amalga oshirilayotgan startap va innovatsion tashabbuslar, yosh tadqiqotchilar tomonidan ishlab chiqilayotgan ilmiy ishlanmalar hamda ularni tijoratlashtirish imkoniyatlari yuzasidan batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.

Shuningdek, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Sardor Rajabov tomonidan muhandislik maktabining namunali talabalariga esdalik sovg‘alari topshirildi.

Shu kuni institutda Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari B.Valiyev rahbarligida, viloyat hokimi o‘rinbosari, yoshlarga mas’ul tashkilot va idoralar rahbarlari ishtirokida, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda O‘zbekiston mahallalar uyushmasi hamkorligida viloyat adliya boshqarmasi tomonidan “mahalla yettiligi” vakillarini nizolarni mediatsiya usulida hal etishga o‘qitish bo‘yicha o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminarda Toshkent davlat yuridik universiteti hamda Jamoat xavfsizligi universiteti professor-o‘qituvchilari tomonidan “Oilaviy nizolarni mediatsiya yo‘li bilan hal qilish” hamda “Obod va xavfsiz mahalla tamoyili asosida mahallalarda ijtimoiy profilaktika tadbirlarini amalga oshirish tartibi” mavzularida ma’ruzalar qilindi.

Yakunda o‘quv-seminar ishtirokchilari uchun Jizzax politexnika institutining 1-sonli talabalar turar joyida tushlik dasturxoni tashkil etildi.

Qo'shimcha rasm 1 Qo'shimcha rasm 2 Qo'shimcha rasm 3