Img
12-Iyun, 2026-yil

Jizzax politexnika institutiga biriktirilgan maktab faoliyati o‘rganildi

Jizzax politexnika institutiga biriktirilgan Sharof Rashidov tumanidagi 37-sonli umumta’lim maktabida o‘quvchi-yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish hamda ta’lim sifatini yanada oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi.

Tashrifda institut o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori M.Ochilov, Qurilish muhandisligi fakulteti dekani A.Berdiqulov, Axborot-resurs markazi direktori M.Ropiyeva, O‘zbek va xorijiy tillar kafedrasi mudiri O‘.Norboyev, Kompyuter va dasturiy injiniring kafedrasi mudiri U.Xasanov hamda Jismoniy tarbiya kafedrasi mudiri I.Qirg‘izov ishtirok etdilar.

Uchrashuv davomida maktabda yoshlarning yozgi ta’til davrini mazmunli tashkil etish, ularni fan, sport va ijodiy to‘garaklarga keng jalb qilish, xorijiy tillar hamda axborot texnologiyalari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Shu bilan birga, institut professor-o‘qituvchilari ishtirokida qo‘shimcha mashg‘ulotlar va mahorat darslarini tashkil etish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Shuningdek, o‘quvchilar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va sportga bo‘lgan qiziqishni oshirish maqsadida maktabga 5 dona futbol to‘pi sovg‘a qilindi. Yoshlarning kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, ularning ma’naviy dunyoqarashini boyitish maqsadida maktab kutubxonasiga 30 dona badiiy adabiyot topshirildi.

Tashrif davomida maktab va oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, bitiruvchi o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirish, ularning oliy ta’limga bo‘lgan qiziqishini oshirish hamda Jizzax politexnika institutiga jalb etish bo‘yicha istiqboldagi vazifalar belgilab olindi.

Mazkur tashrif ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, yoshlarning bilim va salohiyatini yuksaltirish hamda ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Qo'shimcha rasm 1 Qo'shimcha rasm 2 Qo'shimcha rasm 3