Joriy yilning 9–13-iyun kunlari Ispaniyaning Madrid va Barselona shaharlarida O‘zbekiston va Ispaniya oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan “O‘zbekiston–Ispaniya universitetlari rektorlarining birinchi forumi” bo‘lib o‘tmoqda.
Forumning tantanali ochilish marosimi 10-iyun kuni Ispaniyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri bo‘lgan Rey Xuan Karlos universitetining Vikalvaro kampusida tashkil etildi.
Nufuzli tadbirda universitet rektori Abraham Duarte Muñoz, O‘zbekiston Respublikasining Ispaniya Qirolligidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Farrux Tursunov, Westminster International University in Tashkent rektori hamda Xalqaro reyting ekspertlari guruhi (IREG) vitse-prezidenti Komiljon Karimov, shuningdek, SEPIE vakillari ishtirok etdi.
Forum doirasida Jizzax politexnika instituti rektori Ispaniyaning Vigo universiteti (Universidade de Vigo), Madrid politexnika universiteti (Universidad Politécnica de Madrid) hamda Kataloniya politexnika universiteti (UPC BarcelonaTech) rahbariyati bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muloqotlar davomida ta’lim, ilmiy tadqiqotlar, akademik almashinuv dasturlari, professor-o‘qituvchilar va talabalar mobilligi, qo‘shma ilmiy loyihalar hamda xalqaro grantlar doirasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvlar yakunida tomonlar o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumlarini imzolash va uzoq muddatli hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Ayni paytda forum tadbirlari Barselona universitetida davom etmoqda. Mazkur universitet Ispaniyaning eng qadimiy va yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi. 1450-yilda tashkil etilgan universitetda bugungi kunda 60 mingdan ortiq talaba tahsil oladi. Universitet tarkibida 16 dan ortiq fakultet hamda ko‘plab ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyat yuritadi. Uning tarixiy bosh binosi 1863–1882-yillarda bunyod etilgan.
Barselona universiteti ilmiy salohiyati, xalqaro hamkorlik aloqalarining kengligi va ta’lim sifati bilan nafaqat Ispaniyada, balki xalqaro miqyosda ham yuqori e’tirof etilgan.
2026-yilgi xalqaro reytinglar natijalariga ko‘ra universitet:
✔️ QS World University Rankings – 160-o‘rin
✔️ U.S. News Best Global Universities – 82-o‘rin, Yevropa universitetlari orasida 28-o‘rin
✔️ Times Higher Education (THE) – 145-o‘rin
✔️ Academic Ranking of World Universities (ARWU) – 151–200-o‘rinlar oralig‘i
Mazkur forum O‘zbekiston va Ispaniya oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi akademik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, qo‘shma ta’lim dasturlarini rivojlantirish hamda xalqaro ilmiy loyihalarni kengaytirish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qilmoqda.