Jizzax politexnika institutida ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini yanada mustahkamlash, shuningdek, magistrlik dissertatsiyalari hamda bitiruv malakaviy ishlarini ishlab chiqarishdagi real ehtiyojlar asosida shakllantirish maqsadida “Samandar Milk Foods” korxonasiga amaliy tashrif amalga oshirildi.
Tashrifda institutning Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori J.Abdunazarov, Magistratura bo‘limi boshlig‘i J.Ibragimov, Ilmiy-innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish bo‘limi boshlig‘i B.Tursunov hamda Qishloq xo‘jalik va oziq-ovqat texnika texnologiyalari kafedrasi mudiri Z.Djamalov ishtirok etib, korxona rahbariyati va mutaxassislari bilan uchrashuv o‘tkazdilar.
Uchrashuv davomida oziq-ovqat sanoati, xususan, sut mahsulotlarini qayta ishlash sohasidagi texnologik jarayonlar, mavjud muammolar va ularning ilmiy asoslangan yechimlari yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Shuningdek, magistrlik dissertatsiyalari va bitiruv malakaviy ishlari mavzularini ishlab chiqarishdagi dolzarb masalalar bilan uyg‘unlashtirish, ilmiy tadqiqot natijalarini amaliyotga joriy etish hamda innovatsion texnologiyalarni yaratish va tijoratlashtirish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Korxona mutaxassislari tomonidan bildirilgan taklif va tavsiyalar kelgusidagi ilmiy izlanishlar uchun muhim manba bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.
Mazkur hamkorlik ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi uzviy aloqalarni mustahkamlash, yosh tadqiqotchilarning amaliy tajribasini oshirish hamda oziq-ovqat sanoatidagi dolzarb muammolarga innovatsion yechimlar ishlab chiqishga xizmat qiladi.