Jizzax politexnika instituti Qurilish muhandisligi fakultetining “Muhandislik kommunikatsiyalari” sirtqi ta’lim yo‘nalishini Turkiya Respublikasi fuqarosi O‘zkan Güler muvaffaqiyatli tamomlab, bakalavr darajasiga ega bo‘ldi. U mazkur ta’lim yo‘nalishini bitirgan institut tarixidagi ilk turkiyalik talaba hisoblanadi.
Bitiruvchiga diplom Jizzax politexnika instituti rektori, texnika fanlari doktori, professor Alisher Usmankulov tomonidan tantanali ravishda topshirildi.
Uchrashuv davomida rektor O‘zkan Gülerni ushbu muhim yutuq bilan tabriklab, uning kelgusidagi kasbiy faoliyatiga muvaffaqiyat va zafarlar tiladi. Shuningdek, tomonlar o‘rtasida ta’lim va amaliy hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Jumladan, O‘zkan Güler rahbarlik qilayotgan “YEŞİL GRUP Mühendislik Yönetim” kompaniyasi bilan yozgi maktab dasturlari doirasida Jizzax politexnika instituti talabalarini amaliyotga yuborish yuzasidan dastlabki kelishuvga erishildi.
Ayni paytda Jizzax politexnika institutida yana ikki nafar Turkiya Respublikasi fuqarosi bakalavriat bosqichida tahsil olmoqda. Bu esa institutning xalqaro hamkorlik aloqalari kengayib borayotganidan hamda xorijiy talabalar uchun jozibador ta’lim maskaniga aylanayotganidan dalolat beradi