Img
20-Iyun, 2026-yil

Avtomobilsozlik sanoati uchun raqobatbardosh kadrlar tayyorlanmoqda

Jizzax politexnika institutida 2025/2026-o‘quv yilidan boshlab viloyatdagi yirik sanoat korxonalari — «O‘zavtosanoat» AJ, «BYD Uzbekistan Factory» qo‘shma korxonasi hamda «ADM Jizzax» avtomobil zavodlari bilan hamkorlikda “Muhandislik maktabi” faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

2025-yil 2-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti institutga tashrif buyurib, mazkur maktab faoliyatini yanada takomillashtirish va rivojlantirish bo‘yicha qator muhim topshiriqlar berdi.

Muhandislik maktabining asosiy maqsadi mamlakatimiz sanoati, ayniqsa avtomobilsozlik va ishlab chiqarish tarmoqlari uchun zamonaviy texnologiyalar hamda ishlab chiqarish jarayonlarini puxta o‘zlashtirgan, yuqori malakali muhandis kadrlarni tayyorlashdan iborat.

Bugungi kunda maktab faoliyati quyidagi to‘rtta asosiy yo‘nalishda amalga oshirilmoqda:
🔹 Dual ta’lim asosida muhandis kadrlar tayyorlash — institutning iqtidorli talabalari orasidan avtomobilsozlik korxonalari uchun har yili 150 nafardan ortiq muhandis tayyorlanadi;
🔹 Mutaxassislar malakasini oshirish — yiliga 300 nafargacha soha mutaxassisi malaka oshirish kurslarida qatnashadi. Ta’lim jarayonlariga korxonalar ehtiyojidan kelib chiqib, xalqaro darajadagi mentor va ekspertlar jalb etiladi;
🔹 Qisqa muddatli kasbiy tayyorgarlik kurslari — sohada faoliyat yuritish istagidagi fuqarolarning har yili 250 nafari zamonaviy kasblar bo‘yicha o‘qitiladi;
🔹 Yoshlar va tadbirkorlarni kasbga tayyorlash — har yili 200 nafargacha uyushmagan yoshlar va tadbirkorlar zamonaviy kasb-hunar yo‘nalishlari bo‘yicha malaka oshiradi.

Muhandislik maktabida zamonaviy o‘quv platformalari tashkil etilib, 16 ta yangi ta’lim dasturi asosida o‘quv rejalari ishlab chiqildi va tasdiqlandi.

Maktabning eng innovatsion loyihalaridan biri — mini-konveyer ishlab chiqarish liniyasi hisoblanadi. Ushbu liniya avtomobil ishlab chiqarishning asosiy bosqichlari, jumladan payvandlash, bo‘yash, yig‘ish, elektron tizimlarni ulash, sifat nazorati hamda sinov jarayonlarini o‘z ichiga oladi.

Mazkur platforma orqali talabalar robotlashtirilgan uskunalar bilan ishlash, sifat nazorati va tahlili, Lean Manufacturing tamoyillari, mehnat xavfsizligi hamda ishlab chiqarishni boshqarish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni egallamoqda.

Shuningdek, quyidagi oltita yo‘nalishda kasbga tayyorlash ishlari amalga oshirildi:
• mashinasozlik texnologiyasi;
• elektron texnikalarni montaj qilish va sozlash;
• elektrotexnika vositalariga xizmat ko‘rsatish;
• kompyuter grafikasi va multimedia tizimlari;
• kompyuter injiniringi texnologiyalari;
• avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish.

Mazkur dastur doirasida ishsiz yoshlar kasbga tayyorlanib, bitiruvchilarga kasbiy sertifikatlar topshirilmoqda.

Muhandislik maktabida amalga oshirilgan muhim loyihalar qatorida quyidagilarni alohida ta’kidlash mumkin:

🔹 Yoshlar ishlari agentligi Jizzax viloyati boshqarmasi taklifiga asosan ijtimoiy himoya reyestrida ro‘yxatda turgan oilalar farzandlari uchun “Zamonaviy elektromobillarga texnik xizmat ko‘rsatish” o‘quv dasturi asosida 2 oylik (288 soatlik) maxsus kurs tashkil etildi va tinglovchilar zamonaviy kasblarga o‘qitildi;

🔹 Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi 1-son texnikumning 32 nafar o‘quvchisi uchun 1 oylik maxsus kurs tashkil etildi. Kurs yakunida ularga kasbiy sertifikatlar topshirildi. Bitiruvchilarning 14 nafari bilan kelgusi o‘quv yilida suhbat asosida Jizzax politexnika institutiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Shuningdek, mazkur texnikum va Muhandislik maktabi hamkorligida ishlab chiqilgan o‘quv dasturi asosida tinglovchilarning «BYD Uzbekistan Factory» qo‘shma korxonasidagi amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Amaliyot dual ta’lim tizimi asosida haftasiga uch kun davomida tashkil etildi.

Hozirgi kunda Muhandislik maktabi Toshkent shahrining Chilonzor va Sergeli tumanlari texnikumlari hamda Xorazm viloyatidagi Urganch texnikumi bilan hamkorlik shartnomalarini imzolagan.

Kelgusida mamlakatimizdagi texnikumlar bilan hamkorlikni yanada kengaytirish, yoshlarni zamonaviy elektromobillar ishlab chiqarish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlari bo‘yicha tayyorlash, shuningdek, yangi avlod muhandislarini yetishtirishga xizmat qiluvchi ilg‘or o‘quv platformalarini yaratish rejalashtirilgan.

Qo'shimcha rasm 1 Qo'shimcha rasm 2 Qo'shimcha rasm 3