Img
22-Iyun, 2026-yil

Jizzax politexnika institutida “Ta’lim va kasb ko‘rgazmasi” tashkil etildi

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining tegishli topshirig‘i ijrosini ta’minlash maqsadida 2026-yil 22-iyun kuni Jizzax politexnika institutida “Ta’lim va kasb ko‘rgazmasi” bo‘lib o‘tdi.

Tadbir talaba-yoshlarni zamonaviy kasblar, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar hamda ta’lim olish imkoniyatlari bilan yaqindan tanishtirish, ularning kasbiy qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash va kelajakdagi faoliyatini to‘g‘ri rejalashtirishga ko‘maklashish maqsadida tashkil etildi.

Ko‘rgazmada institutning professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlari, bitiruvchilar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Tadbir doirasida yosh rassomlar, haykaltaroshlar va dizaynerlarning ijodiy ishlari, shuningdek, Arxitekturaviy loyihalash hamda Qurilish muhandisligi kafedralari tomonidan yaratilgan innovatsion loyihalar, zamonaviy qurilish texnologiyalariga oid maketlar va muhandislik ishlanmalari namoyish etildi.

Tadbir davomida Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor S. Eshbekova so‘zga chiqib, bugungi kunda yoshlarning kasbiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularni zamonaviy bilim va ko‘nikmalar bilan qurollantirish hamda mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassislar etib tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’ruza qildi.

Ko‘rgazmaning ma’rifiy qismida Institut Karyera markazi mutaxassisi tomonidan “Zamonaviy kasblar va mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlar” mavzusida taqdimot o‘tkazilib, raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, muhandislik, yashil iqtisodiyot va innovatsion ishlab chiqarish sohalaridagi istiqbolli imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Shuningdek, “Inklyuziv muhit va teng imkoniyatlar” mavzusidagi taqdimot davomida sifatli ta’lim, ijtimoiy adolat tamoyillari hamda “Hech kim e’tibordan chetda qolmasligi kerak” g‘oyasi asosida amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan fikr almashildi.

Mazkur ko‘rgazma talaba-yoshlarning kasbiy yo‘nalishini belgilash, ijodiy salohiyatini namoyon etish hamda zamonaviy mehnat bozori talablari bilan tanishtirish yo‘lida muhim maydon bo‘lib xizmat qiladi.

Qo'shimcha rasm 1 Qo'shimcha rasm 2 Qo'shimcha rasm 3