Img
23-Iyun, 2026-yil

Jizzax politexnika instituti tomonidan Sharof Rashidov tumanidagi 37-sonli umumta’lim maktabida bir qator tadbirlar tashkil etildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining 2026-yil 23-maydagi “Yozgi ta’til vaqtida umumta’lim maktablari o‘quvchilari, talabalar hamda mahallalardagi yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish to‘g‘risida”gi 02-PA 1/1-2736-sonli topshirig‘i hamda Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat komissiyasining 2026-yil 8-iyundagi bayonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Jizzax politexnika instituti tomonidan Sharof Rashidov tumanidagi “Samarqand quduq” mahallasida joylashgan 37-sonli umumta’lim maktabida bir qator tadbirlar tashkil etildi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi ijrosi bilan boshlandi. Shundan so‘ng Jizzax politexnika instituti rektori, texnika fanlari doktori, professor Alisher Usmankulov so‘zga chiqib, mamlakatimizda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni ilm-fan, sport va kasb-hunarga yo‘naltirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, maktab va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Tadbir davomida 37-sonli umumta’lim maktabi direktori Hamid Butunboyev maktabning bugungi faoliyati, erishilayotgan yutuqlari hamda istiqboldagi vazifalar haqida ma’ruza qildi.

Unda ta’lim sifatini oshirish, o‘quvchilarni oliy ta’lim muassasalariga tayyorlash va yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.

Tadbirning badiiy qismida Transport muhandisligi fakulteti talabalari Sabina Musurmonova tomonidan “Vatan”, Dilshod Narzullayev tomonidan “Ona” she’rlari mahorat bilan ijro etildi.

Shuningdek, Sanoat texnologiyalari fakulteti talabasi Shohsanam Tojiboyeva milliy raqs namoyish etdi, Qurilish muhandisligi fakulteti talabasi Islomjon Raimov esa “O‘zbekiston” qo‘shig‘ini ijro etdi.

Tadbir doirasida maktab o‘quvchilari uchun “Zakovat” intellektual o‘yini, sport musobaqalari, psixologik treninglar, intellektual viktorinalar va turli qiziqarli o‘yinlar tashkil etildi.

Mazkur tadbirlar yoshlarning mantiqiy fikrlash qobiliyatini rivojlantirish, jamoada ishlash ko‘nikmalarini mustahkamlash, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga xizmat qildi.

Shuningdek, o‘quvchilar ishtirokida milliy jamoaviy raqslar va Vatan madhiga bag‘ishlangan she’rlar ijrosi namoyish etildi. Tadbir yakunida institut fakultetlari va kafedralari tomonidan tayyorlangan ko‘rgazmalar tashkil etilib, o‘quvchilarga institutdagi ta’lim yo‘nalishlari, zamonaviy laboratoriyalar, innovatsion ishlanmalar hamda kasb tanlash imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Tashrif davomida maktab kutubxonasiga 70 dona badiiy adabiyot sovg‘a qilindi. Shuningdek, o‘quvchilarning sport bilan muntazam shug‘ullanishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 15 dona futbol, voleybol, basketbol va gandbol to‘plari hamda 2 dona stol tennisi jihozi topshirildi.

Mazkur tadbir yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy saviyasini yuksaltirish, ularni oliy ta’limga qiziqtirish, kasbga yo‘naltirish, kitobxonlik va sportga bo‘lgan qiziqishini oshirish, shuningdek, maktab va oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

📸 Fotogalereya
https://t.me/jizpi_online/61291

https://t.me/jizpi_online/61301

https://t.me/jizpi_online/61311

https://t.me/jizpi_online/61321

https://t.me/jizpi_online/61331

Qo'shimcha rasm 1 Qo'shimcha rasm 2 Qo'shimcha rasm 3