Jizzax politexnika institutida ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini yanada rivojlantirish hamda magistrlik dissertatsiyalarining amaliy ahamiyatini oshirish maqsadida institutning Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori J.Abdunazarov, Magistratura bo‘limi boshlig‘i J.Ibragimov, Ilmiy-innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish bo‘limi boshlig‘i B.Tursunov hamda Iqtisodiyot va menejment kafedrasi mudiri J.Nasriddinov “Ziynatkor korxonasi” temir-beton MCHJga tashrif buyurdilar.
Tashrif davomida magistrantlar ilmiy izlanishlarini ishlab chiqarishdagi dolzarb muammolar bilan uyg‘unlashtirish, yosh tadqiqotchilarni sanoatdagi real masalalar yechimiga jalb etish hamda ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda magistrlik dissertatsiyalari mavzularini korxonaning texnologik va iqtisodiy ehtiyojlaridan kelib chiqib shakllantirish, korxona mutaxassislari tomonidan ilmiy tadqiqotlarni amaliy jihatdan qo‘llab-quvvatlash hamda magistrantlarning innovatsion takliflarini ishlab chiqarish jarayonlarida sinovdan o‘tkazish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Mazkur hamkorlik ilmiy tadqiqotlarning amaliy samaradorligini oshirish, ishlab chiqarish korxonalari bilan aloqalarni mustahkamlash hamda raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.