Jizzax politexnika instituti Energetika va elektr texnologiyalari kafedrasining “Elektr texnikasi, elektr mexanikasi va elektr texnologiyalari (elektr mashinasozlik)” ta’lim yo‘nalishi bitiruvchi talabalari Sharof Rashidov nomidagi to‘qimachilik kombinati MCHJda bitiruv malakaviy ishlarini himoya qildilar.
Himoya jarayonida talabalar elektr texnikasi va elektr mashinasozlik sohasidagi ilmiy-amaliy ishlanmalari, zamonaviy energiya tejamkor texnologiyalar, elektr jihozlarining ishonchliligini oshirish hamda ishlab chiqarish samaradorligini ta’minlashga qaratilgan taklif va yechimlarini taqdim etdilar.
Davlat attestatsiya komissiyasi a’zolari hamda korxona mutaxassislari tomonidan bitiruvchilarning nazariy bilimlari, amaliy ko‘nikmalari va ishlab chiqarishdagi muammolarni hal etishga qaratilgan innovatsion yondashuvlari atroflicha baholandi.
Ishlab chiqarish korxonasida tashkil etilgan bunday himoyalar ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash, bitiruvchilarning kasbiy salohiyatini oshirish hamda mehnat bozori talablariga javob beradigan raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.