Jizzax politexnika institutida ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini yanada rivojlantirish hamda magistrlik dissertatsiyalarining amaliy ahamiyatini oshirish maqsadida institut Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori J. Abdunazarov, Magistratura bo‘limi boshlig‘i J. Ibragimov hamda Yo‘l muhandisligi kafedrasi mudiri I. Ganiyev “Nurli To‘lqin” MCHJga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida korxonada logistika tizimlarini raqamlashtirish, zamonaviy axborot texnologiyalarini ishlab chiqarish va transport-logistika jarayonlariga joriy etish, ta’minot zanjiri samaradorligini oshirish hamda amaliy muammolarni ilmiy tadqiqotlar asosida hal etish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, magistrantlarning ilmiy izlanishlarini korxonaning amaliy ehtiyojlari bilan uyg‘unlashtirish, logistika jarayonlarini avtomatlashtirish, yuk oqimlarini boshqarish va innovatsion yechimlarni ishlab chiqarish sharoitida sinovdan o‘tkazish yuzasidan hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida magistrlik dissertatsiyalari mavzularini ishlab chiqarish ehtiyojlari asosida shakllantirish, korxona mutaxassislari ishtirokida ilmiy tadqiqotlarni amaliyotga tatbiq etish hamda logistika sohasida zamonaviy raqamli texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Mazkur tashabbus ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini yanada mustahkamlash, magistrantlarning ilmiy salohiyatini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish hamda zamonaviy logistika va transport tizimlari uchun innovatsion yechimlarni yaratishga xizmat qiladi.