Img
1-Iyul, 2026-yil

Ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasi: to‘qimachilik sohasida innovatsion hamkorlik rivojlanmoqda

Ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini yanada mustahkamlash, magistrlik dissertatsiyalarining amaliy ahamiyatini oshirish hamda ilmiy tadqiqotlarni ishlab chiqarish ehtiyojlari bilan uyg‘unlashtirish maqsadida Jizzax politexnika instituti vakillari “Paxtakor Gold Textile” MChJga tashrif buyurdilar.

Uchrashuv davomida magistrlik dissertatsiyalari mavzularini zamonaviy to‘qimachilik texnologiyalari, ishlab chiqarish jarayonlarini raqamlashtirish, resurslardan oqilona foydalanish, energiya samaradorligini oshirish, sifat menejmenti, ishlab chiqarish logistikasini optimallashtirish hamda mahsulotlarning xalqaro standartlarga muvofiqligini ta’minlash kabi ustuvor yo‘nalishlar asosida shakllantirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, korxona mutaxassislari magistrantlarning ilmiy izlanishlarini bevosita ishlab chiqarish sharoitida olib borish, tajriba-sinov ishlarini tashkil etish, ilmiy natijalarni amaliyotga joriy etish hamda innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Mazkur hamkorlik ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini yangi bosqichga olib chiqish, to‘qimachilik sanoatining raqobatbardoshligini oshirish, ilmiy ishlanmalarning amaliy samaradorligini kuchaytirish hamda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash sifatini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Qo'shimcha rasm 1 Qo'shimcha rasm 2 Qo'shimcha rasm 3