Iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash “Ulug‘bek” jamg‘armasi tashabbusi bilan “Maromiylik – umummilliy harakat” mavzusida davra suhbati va seminar-trening tashkil etildi.
Tadbirda Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori Gulnoza Axmatovna Jo‘rayeva ma’ruza qildi.
Seminar-treningda Jizzax politexnika instituti jamoasi Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor S. Eshbekova boshchiligida ZOOM platformasi orqali faol ishtirok etdi.
Tadbirni Iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash “Ulug‘bek” jamg‘armasi raisi, akademik Oqil Umurzoqovich Salimov ochib berdi.
Ma’ruzada “Maromiylik – umummilliy harakat” loyihasi O‘zbekiston–2030 strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, jamiyatda me’yor, mas’uliyat va muvozanatga asoslangan hayot madaniyatini qaror toptirish, tejamkorlikni keng targ‘ib etish hamda isrofgarchilik va dabdababozlikka qarshi zamonaviy ma’rifiy yondashuvlarni rivojlantirishga qaratilgani alohida ta’kidlandi.
Seminar davomida quyidagi ustuvor yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratildi:
🔹 jamiyatda me’yorni qadriyat darajasiga ko‘tarish;
🔹 resurslardan oqilona foydalanish madaniyatini shakllantirish;
🔹 moliyaviy mas’uliyatni kuchaytirish;
🔹 isrofgarchilik va dabdababozlikning oldini olish;
🔹 yoshlarda ongli iste’mol va mas’uliyatli turmush tarzini qaror toptirish.
Shuningdek, har bir ishda, qarash va yondashuvlarda, munosabat hamda xatti-harakatlarda me’yor va maromga amal qilishning ahamiyati misollar hamda videoroliklar orqali yoritildi. “Maromiylik” cheklov emas, balki ongli tanlov va mas’uliyatli hayot tarzi ekani ta’kidlanib, mavzuga oid me’yoriy-huquqiy hujjatlar yuzasidan ham batafsil ma’lumot berildi.
Tadbir yakunida ta’lim muassasalari va fuqarolik jamiyati institutlari uchun amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi hamda mahalla, ta’lim, davlat boshqaruvi va xizmat ko‘rsatish sohalarida maromiylik tamoyillarini bosqichma-bosqich joriy etishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi.
Seminarda taekvondo bo‘yicha ko‘p karra O‘zbekiston chempioni, xalqaro musobaqalar g‘olibi va jahon chempionati sovrindori Aziz Sattorov ham ishtirok etdi. Sportchi o‘z nutqida erishgan yutuqlari uchun yaratilayotgan imkoniyatlar va ko‘rsatilayotgan e’tibor yuzasidan minnatdorlik bildirib, bo‘lajak jahon chempionatida yurtimiz sharafini munosib himoya qilishga intilishini ta’kidladi.
Shuningdek, turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘olib bo‘lgan faol yoshlar taqdirlandi. Tadbirning badiiy qismida o‘zbek estradasi xonandasi va bastakori Shuhrat Daryo o‘zining ijodiy chiqishlari bilan ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Mazkur seminar-treningda Toshkent shahridagi oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari va iqtidorli talabalari bevosita, hududlardagi oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, professor-o‘qituvchilari hamda talabalari esa ZOOM platformasi orqali onlayn tarzda ishtirok etdilar.