Img
7-Iyul, 2026-yil

Jizzaxda “Mustaqillik toʻyi” festivali boshlandi!

“Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz” shiori ostida o‘tkazilayotgan “Mustaqillik toʻyi” festivali doirasida “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari Jizzax viloyatiga tashrif buyurdi.

Festival mehmonlari Jizzax shahridagi Sharof Rashidov xiyobonida tantanali kutib olindi. Tadbir davomida davlat va jamoat arbobi, atoqli adib Sharof Rashidovning Vatan ravnaqi, xalq farovonligi hamda milliy ma’naviyat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi yuksak ehtirom bilan yodga olinib, uning boy adabiy merosi, insonparvarlik va vatanparvarlik g‘oyalari alohida e’tirof etildi.

Jizzax politexnika instituti professor-o‘qituvchilari va olimlari ham festival tadbirlarida faol ishtirok etmoqda. Ular Toshkent shahridan tashrif buyurgan taniqli shoirlar, olimlar va san’atkorlar bilan birgalikda yoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazib, ilm-fan, ma’naviyat, Vatanga sadoqat hamda yoshlarning intellektual salohiyatini yuksaltirish masalalari yuzasidan mazmunli muloqotlar olib bordilar.

Festivalning faxriy mehmonlari sifatida:
“Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari G‘ayrat Majid;
iqtisod fanlari nomzodi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi Obiddin Mahmudov;
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Mehmonali Salimov;
taniqli estrada xonandalari Alisher Ruzmetov, Shuhrat Daryo, Aziz Rajabiy, Iroda Iskandarova, Ozoda Yorova, Begzod Isxakov hamda “Ovoz” loyihasi sovrindori Sardor Shavkatov ishtirok etdi.

Festival doirasida taniqli adiblar, san’atkorlar, madaniyat arboblari va ziyolilar ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar, ijodiy muloqotlar, madaniy tadbirlar hamda targ‘ibot loyihalari tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Qo'shimcha rasm 1 Qo'shimcha rasm 2 Qo'shimcha rasm 3