Img
7-Iyul, 2026-yil

Osiyo taraqqiyot banki granti doirasidagi loyiha yuzasidan Janubiy Koreya delegatsiyasi bilan istiqbolli hamkorlik masalalari muhokama qilindi

Bugun Jizzax politexnika institutida Osiyo taraqqiyot bankining 9245-UZB granti doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan "Jizzax viloyatida tuproq va suv sifatini yaxshilash orqali bog'dorchilik hamda qishloq xo'jaligi mahsuldorligini oshirish" loyihasi yuzasidan Janubiy Koreya delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv bo'lib o'tdi.
Delegatsiya a'zolarini institutning O'quv ishlari bo'yicha prorektori Maqsudjon Ochilov, Xalqaro hamkorlik bo'limi boshlig'i Muhriddin Eshqulov, Jizzax viloyati innovatsion rivojlanish bo‘linmasi xodimlari hamda professor-o'qituvchilar kutib oldilar.

Uchrashuv davomida loyiha doirasida amalga oshiriladigan ishlarning navbatdagi bosqichlari, ularni samarali tashkil etish hamda o'zaro hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Xususan, bitiruvchilarning bandligini ta'minlash, mehnat bozori talablariga javob beradigan malakali mutaxassislarni tayyorlash hamda qishloq xo'jaligi sohasida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish masalalariga alohida e'tibor qaratildi. Shu munosabat bilan organik o'g'itlar ishlab chiqarish yo'nalishida institut talabalari va mutaxassislari uchun Janubiy Koreya Respublikasida uch oylik qisqa muddatli o'quv kurslari va amaliy malaka oshirish dasturlarini tashkil etish bo'yicha takliflar muhokama qilindi.

Shuningdek, oqova va kanalizatsiya suvlarini zamonaviy texnologiyalar asosida qayta ishlash, ularni qishloq xo'jaligi ekinlarini sug'orishda qayta foydalanish hamda suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanishga qaratilgan innovatsion yechimlarni joriy etish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuvda loyiha doirasiga Janubiy Koreyaning yetakchi oliy ta'lim muassasalarini jalb etish, ta'lim va ilmiy-tadqiqot sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish, qo'shma ta'lim dasturlarini yo'lga qo'yish hamda professor-o'qituvchilar va talabalar akademik almashinuvini rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi.

Tomonlar mazkur hamkorlik Jizzax viloyatida qishloq xo'jaligi, ekologiya va suv resurslarini boshqarish sohalarida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, xalqaro tajribani keng tatbiq etish hamda yuqori malakali kadrlar tayyorlashga xizmat qilishini alohida ta'kidladilar.

Uchrashuv yakunida belgilangan yo'nalishlar bo'yicha hamkorlikni izchil davom ettirish va loyihani samarali amalga oshirish yuzasidan o'zaro kelishuvga erishildi.

Qo'shimcha rasm 1 Qo'shimcha rasm 2 Qo'shimcha rasm 3