Img
9-Iyul, 2026-yil

Jizzax politexnika instituti va Janubiy Koreya konsorsiumi o'rtasida Akademik-sanoat hamkorlik shartnomasi imzolandi

Bugun Jizzax politexnika institutida Osiyo taraqqiyot bankining 9245-UZB granti doirasida amalga oshirilayotgan "Jizzax viloyatida tuproq va suv sifatini yaxshilash orqali bog'dorchilik hamda qishloq xo'jaligi mahsuldorligini oshirish" loyihasi yuzasidan Janubiy Koreya delegatsiyasi bilan Akademik-sanoat hamkorlik shartnomasini imzolash marosimi bo'lib o'tdi.

Tadbirda institut rektori Alisher Usmankulov, Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Sanobar Eshbekova, Moliya-iqtisod ishlari bo'yicha prorektor Yorqinbek Rajabov, Xalqaro hamkorlik bo'limi boshlig'i Muhriddin Eshqulov hamda Janubiy Koreyaning Green Farm Consortium tarkibiga kiruvchi K-Farm Solution, Doohyun E&C va EN Solution kompaniyalari vakillari ishtirok etdilar.

Imzolangan hamkorlik shartnomasi ta'lim, ilmiy-tadqiqot va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish, qishloq xo'jaligi sohasida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, innovatsion loyihalarni birgalikda amalga oshirish hamda xalqaro tajribani keng tatbiq etishga xizmat qiladi.

Shuningdek, kelgusida organik o'g'itlar ishlab chiqarish, suv resurslarini samarali boshqarish, oqova suvlarni qayta ishlash va ulardan qishloq xo'jaligida foydalanish bo'yicha qo'shma ilmiy-amaliy loyihalarni amalga oshirish, professor-o'qituvchilar va talabalar almashinuvini yo'lga qo'yish hamda Janubiy Koreyada qisqa muddatli o'quv va malaka oshirish dasturlarini tashkil etish masalalari belgilab olindi.

Tomonlar mazkur hamkorlik nafaqat loyiha doirasidagi vazifalarni samarali amalga oshirish, balki Jizzax politexnika institutining xalqaro hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish, ilm-fan, ta'lim va sanoat integratsiyasini mustahkamlash hamda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta'kidladilar.

Qo'shimcha rasm 1 Qo'shimcha rasm 2 Qo'shimcha rasm 3