Jizzax politexnika institutida O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar, davlat tili va ilmiy-tadqiqot masalalari bo‘yicha maslahatchisi, professor Naibaxon Mamadaliyeva ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Milliy metrologiya instituti Hududiy filiallarni muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i Timur Yusupov, institut rektori, texnika fanlari doktori, professor Alisher Usmankulov, institutning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Maqsudjon Ochilov, ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Jamshid Abdunazarov, O‘zbekiston Milliy metrologiya instituti Jizzax filiali rahbari G‘ulom Mannonqulov, O‘zbekiston ilmiy sinov va sifat davlat muassasasi rahbari Jamshid Xudoyberdiyev, Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasining Jizzax viloyati bo‘limi boshlig‘i Farziddin Qahhorov, shuningdek, institutning “Metrologiya va standartlashtirish” kafedrasi mudiri Faxriddin Israilov hamda soha mutaxassislari ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida metrologiya va standartlashtirish sohasida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish, innovatsion yechimlardan samarali foydalanish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish hamda ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, institut laboratoriyalarining moddiy-texnik bazasi, ularning ilmiy va amaliy salohiyati, metrologik xizmatlar ko‘rsatish imkoniyatlari bilan tanishildi. Muloqot jarayonida yoshlarning ilmiy izlanishlarga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularning intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish, malakali kadrlar tayyorlash hamda sohaviy terminologiyani rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.
Professor Naibaxon Mamadaliyeva standartlashtirish, metrologiya, muvofiqlikni baholash va laboratoriya faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha o‘z taklif hamda tavsiyalarini bildirib, ushbu yo‘nalishlarda ilmiy-amaliy hamkorlikni kengaytirish muhimligini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, yosh olim va mutaxassislarni sohaga keng jalb etish hamda zamonaviy innovatsion ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilab olindi.