Jizzax viloyati Zomin tumanidagi O‘zbekiston–Xitoy maxsus sanoat zonasida barpo etilayotgan "SINOMA WIND POWER BLADE CENTRAL ASIA" MCHJ XK rahbariyati — bosh direktor Shu Menzi hamda HR direktori Tao Yuxin Jizzax politexnika institutiga tashrif buyurdi.
Mehmonlarni institutning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Maqsudjon Ochilov kutib oldi. Uchrashuvda Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Muhriddin Eshqulov, Energetika muhandisligi fakulteti dekani Mehriddin Usanov, Energetika va elektr texnologiyalari kafedrasi mudiri Gulmurod Kushakov hamda fakultet professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.
Uchrashuvning asosiy maqsadi energetika yo‘nalishi bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash masalalarini muhokama qilish, shuningdek, Jizzax politexnika instituti va "SINOMA WIND POWER BLADE CENTRAL ASIA" MCHJ XK hamkorligida maqsadli kadrlar tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish yuzasidan muzokaralar olib borishdan iborat bo‘ldi.
Shuningdek, 3–4-bosqich talabalarini dual ta’lim tizimi asosida o‘qitish, ularni korxonada haq to‘lanadigan amaliyotlarga jalb etish, amaliy ko‘nikmalarini ishlab chiqarish jarayonida shakllantirish hamda kelgusida doimiy ish bilan ta’minlash mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Tashrif doirasida delegatsiya institutning Avtomobilsozlik muhandislik maktabi hamda Muqobil energiyalarni tadqiq etish ilmiy-amaliy markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Mehmonlarga ushbu yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari, zamonaviy laboratoriya jihozlari, innovatsion ishlanmalar va amaliy loyihalar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar energetika sohasi uchun zamonaviy, raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlash, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini yanada mustahkamlash hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kelgusidagi amaliy ishlarni davom ettirishga kelishib oldilar.