Img
24-Iyul, 2026-yil

O‘ZBEKISTON OLIYGOHLARI ERASMUS+ CBHE TANLOVIDA YUKSAK NATIJAGA ERISHDI

Yevropa Ittifoqining Erasmus+ dasturi doirasidagi “Oliy ta’limda salohiyatni oshirish” — Capacity Building in Higher Education (CBHE) yo‘nalishining 2026-yilgi tanlovi yakunlariga ko‘ra, Jizzax politexnika instituti ishtirokida taqdim etilgan 3 ta xalqaro loyiha Erasmus+ dasturining 2026-yilgi moliyalashtirish uchun tanlandi!

🔹 UzEcoDigiT — oliy ta’limning yashil va raqamli transformatsiyasi

Mazkur loyiha O‘zbekistonda ekologiya va atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha bakalavriat ta’lim dasturlarini yashil va raqamli transformatsiya qilishga qaratilgan. Loyihaning grant sohibi va umumiy koordinatori — Jizzax politexnika instituti.

Konsorsiumda O‘zbekistondan quyidagi oliy ta’lim muassasalari ishtirok etadi:

➖ Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti;
➖ “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti;
➖ Andijon davlat texnika instituti;
➖ Farg‘ona davlat texnika universiteti;
➖ Nukus davlat texnika universiteti;
➖ Toshkent Kimyo xalqaro universiteti;
➖ “Green University”.

Shuningdek, konsorsium tarkibidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda “Nazar Business and Technology” tashkiloti ham o‘rin olgan.

🔹 GreenTex — to‘qimachilik ta’limini barqaror va raqamli rivojlantirish

Loyiha Markaziy Osiyoda to‘qimachilik ta’limini modernizatsiya qilish, sohaga raqamli texnologiyalar va aylanma iqtisodiyot tamoyillarini joriy etish hamda oliy ta’lim va sanoat hamkorligini mustahkamlashga yo‘naltirilgan.

O‘zbekistondan loyiha konsorsiumida:

➖ Jizzax politexnika instituti;
➖ Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti;
➖ “Textile Standard Services” MChJ ishtirok etadi.

Jizzax politexnika instituti loyihada hamkor sifatida qatnashib, “Pilot amalga oshirish va dalillarga asoslangan o‘quv dasturini takomillashtirish” ish paketiga rahbarlik qiladi.

🔹 FOOD4FUTURE — sog‘lom oziq-ovqat mahsulotlari va zamonaviy ta’lim

Loyiha O‘zbekiston va Qozog‘istonda oziq-ovqat fani va texnologiyasi bo‘yicha ta’lim dasturlarini modernizatsiya qilish, sog‘lom oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqish hamda yangi o‘quv kurslarini joriy etishni nazarda tutadi. Loyihaning umumiy koordinatori — Farg‘ona davlat universiteti.

O‘zbekistondan loyiha konsorsiumida:

➖ Farg‘ona davlat universiteti;
➖ Jizzax politexnika instituti;
➖ O‘zbekiston Respublikasi yog‘-moy sanoati korxonalari assotsiatsiyasi;
➖ “Knowledge Triangle and Innovation” tashkiloti ishtirok etadi.

Jizzax politexnika instituti loyihaning “Tayyorgarlik” ish paketiga rahbarlik qiladi.

❗️ Uchala loyiha ham 36 oy davomida, 2026–2029-yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ushbu natija O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida ekologiya, to‘qimachilik va oziq-ovqat texnologiyalari yo‘nalishlarini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish, zamonaviy ta’lim dasturlari va laboratoriyalarni tashkil etish, shuningdek, Yevropa hamda Markaziy Osiyo oliygohlari bilan akademik hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qiladi. Loyiha jamoalari va barcha hamkor tashkilotlarni ushbu yuksak xalqaro natija bilan muborakbod etamiz!

Qo'shimcha rasm 1