Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi Jizzax viloyati filiali hamda Jizzax politexnika instituti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur Memorandumdan ko‘zlangan asosiy maqsad — davlat xizmati uchun yuqori malakali, raqobatbardosh va zamonaviy fikrlaydigan kadrlarni tayyorlash, ta’lim jarayonini davlat boshqaruvi amaliyoti bilan bog‘lash hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun mustahkam hamkorlik asosini yaratishdan iborat.
Hamkorlik doirasida quyidagi ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha ishlar amalga oshiriladi:
✅ davlat xizmati uchun kadrlar tayyorlash va inson kapitalini rivojlantirish;
✅ talabalar uchun davlat organlari, tashkilotlar va yirik investitsiya loyihalarida amaliyot hamda stajirovka dasturlarini tashkil etish;
✅ istiqbolli yoshlarni aniqlash, baholash va kelgusida davlat xizmatiga jalb qilish;
✅ “Yangi avlod muhandis-boshqaruvchilari” dasturini yo‘lga qo‘yish;
✅ “Atom energetikasi uchun yangi avlod kadrlari” maqsadli dasturini tashkil etish;
✅ davlat xizmatchilari uchun o‘quv kurslari, treninglar, seminarlar va sertifikat dasturlarini amalga oshirish;
✅ davlat boshqaruvidagi muammolarga ilmiy-amaliy yechimlar ishlab chiqish.
Memorandum asosida talabalarning nazariy bilimini amaliy jarayonlar bilan uyg‘unlashtirish, ularni davlat xizmati, hududiy boshqaruv, sanoat loyihalari va zamonaviy boshqaruv yondashuvlari bilan yaqindan tanishtirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Ushbu hamkorlik Jizzax viloyatida davlat xizmati, ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni kuchaytirish, iqtidorli yoshlarni erta aniqlash hamda ularni kelgusida rahbarlik lavozimlariga tayyorlashda muhim amaliy qadam bo‘ladi.
Boshqaruv samaradorligi agentligi Jizzax viloyati filiali davlat xizmati uchun zamonaviy, bilimli va mas’uliyatli kadrlar avlodini shakllantirish yo‘lida tizimli hamkorlikni davom ettiradi.