Bugun Qirg‘iziston Respublikasining Issiqko‘l viloyatida ikki davlat o‘rtasidagi akademik va ilmiy-amaliy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan O‘zbekiston va Qirg‘iziston oliy ta’lim muassasalari rektorlarining III forumi o‘z ishini boshladi.
Mintaqaviy va akademik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiluvchi ushbu nufuzli xalqaro muloqot maydonida ikki mamlakat oliy ta’lim tizimi rahbarlari, sohaga mas’ul vazirlik va idoralar vakillari hamda oliy ta’lim muassasalari rektorlari qatorida Jizzax politexnika instituti rektori Alisher Usmankulov ham ishtirok etmoqda.
Forumning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, Qirg‘iziston Respublikasi fan, oliy ta’lim va innovatsiyalar vaziri Gulzat Isamatova hamda Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisi o‘rinbosari Ulan Mamatkanov so‘zga chiqib, ikki davlat o‘rtasidagi oliy ta’lim va ilm-fan sohasidagi hamkorlikning bugungi holati, erishilgan natijalar va istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlar xususida fikr bildirdi.
Ta’kidlanganidek, mazkur forum O‘zbekiston va Qirg‘iziston oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, akademik va ilmiy aloqalarni kengaytirish, talabalar va professor-o‘qituvchilar mobilligini rivojlantirish, ta’lim, fan va biznes integratsiyasini kuchaytirish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi. Forum doirasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlarni imzolash, talabalar startaplari ko‘rgazmasini tashkil etish hamda zamonaviy universitetlarning barqaror rivojlanishi masalalarini muhokama qilish ko‘zda tutilgan.