Jizzax politexnika institutida ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash hamda bitiruvchilar bandligini ta’minlash borasidagi ishlar izchil davom etmoqda.
Ana shu maqsadda O‘zbekiston–Xitoy maxsus sanoat zonasida faoliyat yuritayotgan “Sinoma Wind Power Blade Central Asia” MCHJ XK vakillari institutga tashrif buyurib, bitiruvchi talabalar bilan saralash suhbatlari o‘tkazdi.
Uchrashuvda Energetika, Texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish hamda Radioelektronika ta’lim yo‘nalishlari bitiruvchilari ishtirok etdi. Suhbatlar davomida nomzodlarning kasbiy bilimlari, amaliy ko‘nikmalari, muhandislik salohiyati va ishlab chiqarish korxonalarida faoliyat yuritishga tayyorgarligi baholandi.
Shuningdek, kompaniya mutaxassislari tomonidan korxonadagi mehnat sharoitlari, zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlari, kasbiy rivojlanish imkoniyatlari hamda xalqaro jamoada ishlashning afzalliklari haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga bevosita mutaxassislardan javob oldilar.
Mazkur uchrashuv bitiruvchilarni nufuzli xalqaro korxonalarda munosib ish o‘rinlari bilan ta’minlash, ularning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish hamda ishlab chiqarish ehtiyojlariga mos yuqori malakali muhandis kadrlarni tayyorlash yo‘lidagi amaliy hamkorlikning navbatdagi muhim bosqichi bo‘ldi.