Bugun Jizzax politexnika institutida “Iqlim barqarorligi va zamonaviy suv texnologiyalari” mavzusidagi xalqaro yozgi maktabning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Eron Islom Respublikasining Sharif Texnologiyalar Universiteti hamda Xitoy Xalq Respublikasining Shihezi universiteti professor-o‘qituvchilari va talabalari, shuningdek, Jizzax politexnika instituti ma’muriyati va professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.
Tadbirni institut Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Muhriddin Eshqulov moderator sifatida olib bordi. Ochilish marosimida institutning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Jamshid Abdunazarov so‘zga chiqib, xorijiy mehmonlar va talabalarni samimiy qutladi hamda yozgi maktab ishtirokchilariga muvaffaqiyat tiladi.
Shuningdek, Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va oziq-ovqat texnologiyalari kafedrasi o‘qituvchisi Nargiza Nabixo‘jayeva institut faoliyati, iqlim barqarorligi va zamonaviy suv texnologiyalarining dolzarb jihatlariga bag‘ishlangan ma’ruza bilan ishtirok etdi.
Tadbir yakunida Shihezi universiteti vakili Dr. Maheshati Nabihan va Sharif Texnologiyalar Universiteti vakili Dr. Hani Sadirhosseini o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashib, xalqaro hamkorlik va tajriba almashinuvining ahamiyatini ta’kidladilar.