Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan o‘tkazilayotgan Umummilliy ish beruvchilar so‘rovnomasi doirasida Jizzax politexnika instituti bitiruvchilari faoliyat yuritayotgan tashkilot va korxonalarda amaliy o‘rganishlar olib borildi.
O‘rganishlarning dastlabki manzili Sharof Rashidov nomidagi to‘qimachilik kombinati bo‘ldi. Unda korxonada faoliyat yuritayotgan ish beruvchilar bilan muloqotlar tashkil etilib, oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining kasbiy tayyorgarligi, amaliy ko‘nikmalari, mehnat faoliyatiga moslashuvi hamda egallab turgan lavozimlariga muvofiqligi yuzasidan ish beruvchilarning fikr va baholari o‘rganildi.
Navbatdagi o‘rganish “BYD Uzbekistan Factory” qo‘shma korxonasida o‘tkazildi. Jarayon davomida Jizzax politexnika instituti bitiruvchilarining kasbiy kompetensiyalari, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish ko‘nikmalari, amaliy tayyorgarligi hamda ishlab chiqarish jarayonlariga moslashuvchanligi bo‘yicha ish beruvchilarning fikr va baholari tahlil qilindi.
Shuningdek, ish beruvchilarning bitiruvchilarda shakllangan kasbiy va amaliy kompetensiyalar, ularning mehnat jarayonidagi samaradorligi hamda zamonaviy ish o‘rinlari talablariga moslashish darajasi yuzasidan bildirgan taklif va tavsiyalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur amaliy o‘rganishlar davomida bildirilgan fikr, taklif va tavsiyalar tegishli yo‘nalishlar kesimida tahlil qilinib, Umummilliy ish beruvchilar so‘rovnomasining yakuniy natijalarini shakllantirish jarayonida inobatga olinadi.
O‘rganishlarning asosiy maqsadi — oliy ta’lim muassasalarida kadrlar tayyorlash sifatini ish beruvchilar talablari bilan uyg‘unlashtirish, bitiruvchilarning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish hamda ta’lim dasturlarini amaliyot talablari asosida takomillashtirishga xizmat qiluvchi takliflarni shakllantirishdan iborat.