Jizzax viloyatida kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish, iste’molchilarni barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash hamda energetika tizimida energiya samaradorligini oshirish masalalariga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.
Unda viloyat hokimi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Elektr energetikasini nazorat qilish inspeksiyasi («O‘zenergoinspeksiya») rahbari, tegishli davlat tashkilotlari vakillari hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Mazkur tadbirda Jizzax politexnika instituti Energetika va elektr texnologiyasi kafedrasi professor-o‘qituvchilari ham faol qatnashdi. Jumladan, kafedra dotsenti Muhiddin Anarboyev tomonidan institut professor-o‘qituvchilari tomonidan energiya samaradorligini oshirish va energiya resurslaridan oqilona foydalanish yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar, xususan, Sharof Rashidov tumanida elektr energiyasi yo‘qotishlarini o‘rganish natijalari yuzasidan taqdimot qilindi.
Taqdimot davomida rivojlangan mamlakatlarning energiya samaradorligini ta’minlash borasidagi ilg‘or tajribasi, energiya resurslarini tejash bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar, shuningdek, institut professor-o‘qituvchilari tomonidan ishlab chiqilgan amaliy tavsiyalar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Tadbirda Prezidentimizning 27-iyuldagi energetika sohasini yanada takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlari ijrosini ta’minlash, kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish, elektr tarmoqlari va transformator punktlarini ta’mirlash, mavjud quvvatlarni oshirish hamda avariyaviy uzilishlarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Xususan, Sharof Rashidov tumanida 322 kilometr yangi elektr tarmoqlarini qurish, 58 kilometr tarmoqlarni rekonstruksiya qilish, 378,3 kilometr elektr tarmoqlarini joriy ta’mirlash, 128 dona transformator o‘rnatish hamda 96 ta transformator punktida joriy ta’mirlash ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgani ta’kidlandi.
Shuningdek, ijtimoiy soha obyektlarining energiya samaradorligini oshirish, podstansiyalar quvvatini kuchaytirish va energetika tizimini raqamlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilab olindi.
Seminar yakunida mas’ullarga belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish, kuz-qish mavsumida iste’molchilarni elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlash hamda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan avariyaviy holatlarning oldini olish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.