Jizzax politexnika instituti professor-o‘qituvchilari tomonidan Jizzax viloyatining tuman va shaharlarida energiya samaradorligini oshirish, energiya resurslaridan oqilona foydalanish hamda bu boradagi ilmiy-texnik yondashuvlarni amaliyotga joriy etish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, institutning Energetika va elektr texnologiyalari kafedrasi tomonidan hududdagi tashkilot va muassasalarda energiya auditini o‘tkazish hamda energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish ishlari yo‘lga qo‘yilgan.
Mazkur amaliy ishlar doirasida Jizzax politexnika instituti rektori, texnika fanlari doktori, professor Alisher Usmankulov hamda O‘zenergoinspeksiyaning Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi bosh mutaxassisi Ilhom Umarov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda institutning moliya-iqtisod ishlari bo‘yicha prorektori Yorqinbek Rajabov, Energetika muhandisligi fakulteti dekani Mehriddin Usanov, Energetika va elektr texnologiyalari kafedrasi mudiri Gulmurod Kushakov, kafedra professor-o‘qituvchilari hamda mas’ul xodimlar ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida Jizzax viloyatining shahar va tumanlarida energiya samaradorligini oshirish, energiya resurslaridan oqilona foydalanish, tashkilotlarda energiya auditi ishlarini samarali tashkil etish, mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanish hamda kelgusidagi vazifalar yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, energiya samaradorligi yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligini yanada oshirish, o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish va mavjud muammolarni ilmiy-amaliy yondashuvlar asosida hal etish masalalari muhokama qilindi.
Yakunida mas’ullarga tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berilib, belgilangan vazifalarni sifatli va samarali amalga oshirish yuzasidan aniq tavsiyalar bildirildi.