Img
15-Avgust, 2026-yil

Ikkinchi mutaxassislikka qabul qilingan talabalar bilan uchrashuv o‘tkazildi

Bugun Jizzax politexnika instituti rektori, texnika fanlari doktori, professor Alisher Usmankulov ikkinchi mutaxassislikka qabul qilingan talabalar bilan uchrashdi.

Uchrashuv avvalida rektor talabalikka qabul qilingan yoshlarni yangi o‘quv yili bilan tabriklab, ularga o‘qishlarida omad va zafarlar tiladi. Shuningdek, talabalarning kelgusida o‘z sohasining yetuk va malakali mutaxassislari bo‘lib yetishishiga ishonch bildirdi.

Muloqot davomida rektor talabalar o‘qish jarayonida duch kelishi mumkin bo‘lgan turli masalalar, ularning yechimlari hamda ta’lim olish jarayonida e’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihatlar haqida o‘zining hayotiy va kasbiy tajribasi asosida fikr-mulohazalarini bildirdi.

Shuningdek, talabalar turli yo‘nalishlarda qo‘llab-quvvatlash va ularga amaliy ko‘mak ko‘rsatish uchun mas’ul etib belgilangan institut xodimlari bilan tanishtirildi. Talabalarga muayyan masala yoki muammoga duch kelgan taqdirda, qaysi mas’ullarga murojaat qilishlari mumkinligi haqida batafsil ma’lumot berildi.

Shu bilan birga, hal etilmagan masalalar, muammolar, shikoyat yoki takliflar yuzaga kelgan taqdirda, institut rektorining virtual qabulxonasi — @Rektor_qabulxonasi_bot orqali murojaat qilishlari mumkinligi ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida institutning mas’ul xodimlari tomonidan talabalarga o‘quv jarayoni, ichki tartib-qoidalar hamda talabalik davridan samarali foydalanish bo‘yicha zarur ma’lumot va tavsiyalar berildi.

Uchrashuv samimiy va ochiq muloqot ruhida o‘tdi.

Qo'shimcha rasm 1 Qo'shimcha rasm 2 Qo'shimcha rasm 3