Bugun Jizzax politexnika instituti rektori, texnika fanlari doktori, professor Alisher Usmankulov boshchiligida soha prorektorlari, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari hamda tegishli bo‘limlar rahbarlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda, avvalo, Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotida belgilab berilgan ustuvor vazifalar va topshiriqlar jamoaga yetkazildi.
Shuningdek, yakunlangan 2025/2026-o‘quv yilidagi faoliyat sarhisob qilinib, erishilgan natijalar bilan bir qatorda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ham atroflicha muhokama qilindi. Kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.
Yig‘ilish davomida 2026/2027-o‘quv yiliga puxta tayyorgarlik ko‘rish, ta’lim sifatini yanada oshirish, o‘quv jarayonini samarali tashkil etish hamda mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanish bilan bog‘liq dolzarb masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Fakultetlar va kafedralarning joriy faoliyati tahlil qilinib, yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik jarayonini yanada kuchaytirish, ta’lim jarayonini zamonaviy talablar asosida tashkil etish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Shuningdek, kafedralarda o‘quv, ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy hamda moliyaviy yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi. Aniqlangan kamchiliklar, ularni bartaraf etish choralari hamda faoliyat samaradorligini oshirishda e’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihatlar yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Yig‘ilish yakunida belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida, sifatli va samarali amalga oshirish yuzasidan mas’ullarga aniq topshiriqlar berilib, ularning ijrosini nazoratga olish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilandi.