Img
14-Sentabr, 2026-yil

Jizzax politexnika instituti talabalari manzil-koloniyasiga tashrif buyurdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–207-son Farmoni ijrosi doirasida 2026-yil 14-sentyabr kuni Jizzax shahridagi 29-sonli manzil-koloniyasiga tashrif tashkil etildi.

Tashrif institut Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori S. Eshbekova boshchiligida o‘tkazilib, unda institut profilaktika inspektorlari, dekan o‘rinbosarlari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad — narkojinoyat sodir etganligi uchun jazo o‘tayotgan mahkumlar hayoti bilan yaqindan tanishish, giyohvandlik va narkojinoyatchilikning og‘ir oqibatlarini yoshlar ongiga chuqur singdirish hamda huquqbuzarliklarning oldini olishdan iborat.

Tashrif davomida 3-mintaqaviy muvofiqlashtirish markaziga qarashli 29-sonli manzil-koloniyasining tarbiyaviy ishlari bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Sh. Bozorboyev, tezkor-qidiruv ishlari bo‘yicha o‘rinbosar F. Xolmatov hamda koloniya navbatchisi E. Murodxo‘jayev tomonidan talaba-yoshlarga mahkumlar uchun yaratilgan sharoitlar, ularni jamiyatga qayta moslashtirish, reabilitatsiya va psixologik qo‘llab-quvvatlash jarayonlari haqida ma’lumotlar berildi.

Shuningdek, mahkumlar bilan ochiq muloqot tashkil etilib, ular o‘z hayot yo‘llari, jinoyat yo‘liga kirib qolish sabablari, qilgan xatolari va buning og‘ir oqibatlari haqida samimiy fikr bildirdilar. Giyohvandlikning inson hayotiga, oilasiga va jamiyatga yetkazadigan zararli ta’siri yuzasidan real hayotiy misollar keltirildi.

Mazkur suhbat talaba-yoshlarga har qanday noto‘g‘ri qaror inson taqdiriga, oilasiga va kelajagiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini anglashga yordam berdi. Mahkumlarning hayotiy tajribasi yoshlar uchun muhim saboq bo‘lib xizmat qildi.

Bunday profilaktik tashriflar yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, qonunlarga hurmat ruhini shakllantirish hamda jamiyat oldidagi ijtimoiy mas’uliyatini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Qo'shimcha rasm 1 Qo'shimcha rasm 2 Qo'shimcha rasm 3