Davlatimiz rahbari tomonidan 3–9-sentabr kunlari kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishlarda mahalla tizimi faoliyatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish, har bir ehtiyojmand oila bilan individual ishlash, oilalarning sharoiti va salohiyatidan kelib chiqib, ularga manzilli ko‘mak ko‘rsatish ustuvor vazifa etib belgilandi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-iyundagi “Mahalla boshqaruvini samarali tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-116-son Farmonida mahalla tizimi faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan muhim vazifalar belgilab berilgan.
Xususan, mahallalarda aholi muammolarini “mahallabay” va “fuqarobay” yondashuv asosida hal etish, aholi bandligini ta’minlash, oilalar daromadini oshirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirishda “Mahalla o‘n yettiligi” a’zolarining bilim va amaliy ko‘nikmalari muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur vazifalar ijrosini samarali tashkil etish maqsadida bugundan boshlab viloyatimizdagi mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari uchun “Mahalla o‘n yettiligi” a’zolarining kasbiy salohiyatini oshirish va mahallalarda ishlarni samarali tashkil etishga qaratilgan o‘quv-seminarlar boshlandi.
O‘quv-seminar mashg‘ulotlarida Jizzax politexnika instituti rahbariyati boshchiligidagi professor-o‘qituvchilar targ‘ibotchi sifatida ishtirok etib, o‘zlarining ma’ruzalari bilan qatnashmoqda.
Jumladan, Zarbdor tumani 1-sonli texnikum binosida tashkil etilgan o‘quv-seminarda Jizzax politexnika instituti rektori, texnika fanlari doktori, professor Alisher Usmankulov, O‘zbekiston Mahallalari uyushmasining Zarbdor tumani bo‘limi boshlig‘i To‘lqin Qodirov, institut professor-o‘qituvchilari hamda mas’ullar ishtirok etdi.
15–16-sentabr kunlariga mo‘ljallangan o‘quv-seminar malakali ma’ruzachilar tomonidan qiziqarli, amaliy va interaktiv shaklda olib borilmoqda.
Seminar yakunida mahalla raislari va “Mahalla o‘n yettiligi” a’zolarining amaliy bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, hududlarda aholi bilan manzilli ishlash samaradorligini yanada oshirish hamda mahalla tizimida ishlarni zamonaviy yondashuvlar asosida tashkil etish ko‘zda tutilgan.