Jizzax shahar Favqulodda vaziyatlar bo‘limida kuz-qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning, xususan, is gazidan zaharlanish va yong‘inlarning oldini olishga qaratilgan profilaktik-tushuntirish tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda Jizzax shahar Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik Rahmankulov Fazliddin Norpo‘latovich tomonidan talaba-yoshlarga kuz-qish mavsumida xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilish, isitish moslamalaridan to‘g‘ri va xavfsiz foydalanish, gaz jihozlarini nazoratsiz qoldirmaslik hamda is gazidan zaharlanishning oldini olish bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda to‘g‘ri harakat qilish, yong‘in xavfsizligi talablariga amal qilish, gaz sizib chiqishi holatlarida ko‘rilishi lozim bo‘lgan choralar hamda tegishli xizmatlarga zudlik bilan murojaat qilish tartibi yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi.
Profilaktik tadbirda oliy ta’lim muassasalari, sog‘liqni saqlash tashkilotlari, akademik litseylar, kasbiy ta’lim muassasalari hamda boshqa tashkilotlarning vakillari ham ishtirok etdilar.
Tadbir davomida talaba-yoshlarning mavzu yuzasidan bergan savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berilib, kuz-qish mavsumini xavfsiz o‘tkazish bo‘yicha zarur tavsiyalar yetkazildi.
Mazkur tadbir yoshlar o‘rtasida yong‘in va boshqa favqulodda vaziyatlarning oldini olish, xavfsizlik madaniyatini oshirish hamda kuz-qish mavsumini xavfsiz o‘tkazish bo‘yicha zarur bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishga xizmat qiladi.