Mamlakatimizda muhandislik taʼlimini maktab bosqichidan boshlab yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim qadam tashlandi. Jizzax shahrida muhandis kadrlar tayyorlaydigan, Jizzax politexnika instituti bilan integratsiyalashgan Muhandislik maktabi faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Bu maktabning asosiy vazifasi — yoshlarni zamonaviy kasblarga yo‘naltirish, ularda muhandislik sohasiga qiziqish uyg‘otish, taʼlimni oliy taʼlim va ishlab chiqarish bilan uzviy bogʻlashdir.
Jizzax politexnika institutida institut rahbariyatining Muhandislik maktabiga qabul qilingan o‘quvchi-yoshlar bilan uchrashuvi tashkil etildi.
Unda Jizzax politexnika instituti rektori A. Usmankulov, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor M. Ochilov, Muhandislik maktabi rahbariyati va pedagogik jamoasi hamda o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi.
Uchrashuv avvalida rektor Muhandislik maktabiga o‘qishga qabul qilingan yoshlarni yangi o‘quv yili bilan tabriklab, ularga ta’lim olish jarayonida omad va muvaffaqiyatlar tiladi. Shuningdek, o‘quvchilarning kelgusida o‘z sohasining yetuk va malakali mutaxassislari bo‘lib yetishishiga ishonch bildirdi.
Muloqot davomida rektor o‘quvchilarning ta’lim jarayonida duch kelishi mumkin bo‘lgan turli masalalar, ularning yechimlari hamda ta’lim olishda e’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihatlar haqida o‘zining hayotiy va kasbiy tajribasi asosida fikr-mulohazalarini bildirdi.
Shuningdek, o‘quvchilarni turli yo‘nalishlarda qo‘llab-quvvatlash va ularga amaliy ko‘mak ko‘rsatish uchun mas’ul etib belgilangan Maktab hamda institut xodimlari bilan tanishtirildi. O‘quvchilarga muayyan masala yoki muammoga duch kelgan taqdirda, qaysi mas’ullarga murojaat qilishlari mumkinligi haqida batafsil ma’lumot berildi.
Uchrashuvda, shuningdek, Jizzax politexnika institutida mavjud ta’lim yo‘nalishlari, talabalar uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar, xalqaro hamkorlik dasturlari, zamonaviy ta’lim imkoniyatlari, muhandislik yo‘nalishlari, ilg‘or laboratoriyalar hamda istiqbolli loyihalar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Ma’lumot uchun: Muhandislik maktablarida oʻquv jarayoni 5 yillik dastur asosida STEM modeli boʻyicha tashkil etiladi va 240 nafar o‘quvchi davlat budjeti mablag‘lari hisobidan ta’lim oladi.
1–3-yillar: fizika, matematika va xorijiy til fanlariga,
4–5-yillar: muhandislik fanlariga boshlangʻich tayyorgarlikka eʼtibor qaratiladi.
Belgilangan talablarni bajargan muhandislik maktablari bitiruvchilariga muhandislik taʼlim dasturi boʻyicha tegishli oliy taʼlim yoʻnalishida bir yillik qoʻshimcha davlat granti asosida 2-kursdan test sinovlarisiz va qoʻshimcha imtihonlarsiz oʻqishni davom ettirish huquqi beriladi.
Bu esa yoshlar uchun maktab ta’limidan oliy ta’limgacha bo‘lgan uzluksiz va istiqbolli ta’lim yo‘lini shakllantirishga xizmat qiladi.
Uchrashuv doirasida o‘quvchilar institutning Avtomobilsozlik muhandislik maktabi hamda Muqobil energiyalarni tadqiq etish ilmiy-amaliy markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.