Jizzax politexnika institutiga Indoneziyaning Yudharta Pasuruan universiteti ilmiy ishlar bo‘yicha prorektori Dr. Lukman Hakim, Universitas Negeri Malang universitetining Ta’lim markazi, ilmiy-tadqiqot instituti va jamoatchilik bilan hamkorlik bo‘limi rahbari Dr. Ediyanto hamda Hududiy resurslar markazi rahbari Dr. Tri Wahyu Hardaningrum tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida institut rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazilib, mehmonlarga Jizzax politexnika institutining ta’lim, ilmiy-tadqiqot va xalqaro hamkorlik yo‘nalishidagi faoliyati, mavjud imkoniyatlari hamda istiqbolli loyihalari haqida ma’lumot berildi.
Uchrashuv davomida sun’iy intellekt, iqtisodiyot va oziq-ovqat sanoati kabi ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, xalqaro konferensiya va ilmiy tadbirlarni hamkorlikda tashkil etish bo‘yicha fikr almashildi.
Muzokaralar yakunida Jizzax politexnika instituti hamda Indoneziya universitetlari vakillari o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Mazkur memorandumlar akademik va ilmiy aloqalarni mustahkamlash, tajriba almashinuvini kengaytirish hamda yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
Tashrif yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli va uzoq muddatli hamkorlikni izchil rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.